Bugun Abduqodir Husanov Angliya Premyer-Ligasida debyut qilishi mumkin
“Manchester Siti” bugun Angliya Premyer-Ligasining 23-turi doirasida “Chelsi” bilan to‘qnash keladi.
2 daqiqa o‘qiladi

“Manchester Siti” bugun Angliya Premer-Ligasining navbatdagi turida “Chelsi” bilan to‘qnash keladi. Ushbu uchrashuvda hamyurtimiz Abduqodir Husanov debyut qilishi kutilmoqda. Dunyoning yetakchi nashrlari shaharliklarning “Chelsi”ga qarshi o‘yini uchun taxminiy tarkibini e’lon qilishmoqda. Ahamiyatlisi, unda Husanov asosiy tarkibda maydonga tushishi taxmin qilinmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiola ham u haqida o‘yindan avval tashkil qilingan matbuot anjumanida ayni shunga ishora qildi.
Pep matbuot anjumanida nimalar dedi?
Pep Gvardiola “Chelsi”ga qarshi o‘yin oldidan “Manchester Siti” tarkibida o‘yinchilarning yetishmasligidan nolib, shunday pallada u yangi o‘yinchilarning yordamidan umid qilayotganini yashirib o‘tirmadi. “Albatta, bu o‘yinda yangi o‘yinchilar yordam berishi mumkin, ular aynan shu maqsadda taklif etilgan. Ertaga “Chelsi”ga qarshi o‘yin uchun menda faqat bitta markaziy himoyachi bor. Husanov bilan yana bir himoyachi bo‘ladi, “Bryugge” ga qarshi o‘yingacha esa himoyachilar ko‘proq bo‘lishi mumkin. Ruben Diash va Doku jarohati sababli yordam bera olmaydi. O‘yinlarimiz ko‘pligini inobatga olgan holda, katta tarkibga ega bo‘lish biz uchun muhim”, degan u.
Husanov allaqachon moslashishga ulgurgan
Murabbiy, shuningdek, jamoaning yangi o‘yinchilari haqida ham alohida to‘xtalib fikr bildirdi. “Vitor Reys yosh, uning katta potensiali bor, ammo hali unga vaqt kerak. Abduqodir Husanov esa allaqachon moslashishga ulgurgan, u fransuz ligasida baquvvat va tezkor o‘yinchilarga qarshi o‘ynagan. Omar Marmush mashg‘ulotimizda qatnashdi va o‘ylaymanki, u ham tezda moslashadi”, - deydi Gvardiola.
Qayd etish joiz, APL 23-turi doirasidagi “Manchester Siti” va “Chelsi” uchrashuvi bugun, 25 yanvar kuni soat 22:30da boshlanadi. Manchester klubi 38 ochko bilan 5-o‘rinda, London jamoasi esa 40 ochko bilan 4-pog‘onadan joy olgan. YECHL guruh bosqich so‘nggi turida esa “Siti” “Bryugge”ni mag‘lub etibgina keyingi bosqichga yo‘llanma olishi mumkin bo‘ladi.



