$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston huquq ustuvorligi eng tez yaxshilangan davlatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi

Huquq-7-29

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva respublikaning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari, ularning jamiyat hayotidagi tutgan o‘rni haqida ma’lumot berdi.

6 ta mustaqil indikator 

Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlari – 30 dan ortiq mustaqil manbalar asosida 213 ta mamlakatda davlat boshqaruvi sifati va samaradorligini global darajada o‘rganishga doir 6 ta mustaqil indikatorlardan tashkil topgan. 

Qaysi reytinglarda natija yaxshilanadi?

2023-yil sentyabrda e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston mustaqil indikatorlarning 3 tasi ya’ni, Zo‘ravonlik va terrorizmning mavjud emasligi va siyosiy barqarorlik, Korrupsiyani tiyib turish hamda Huquq ustuvorligi indikatorlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshilashga erishdi.

Huquq ustuvorligi indeksi

 “Jahon odil sudlov loyihasi” (World Justice Project) xalqaro nohukumat tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksi – huquq ustuvorligi sohasidagi ma’lumotlarni ekspertlar va aholi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovlar orqali tadqiq etib, 8 ta indikator va 44 ta subindikator bo‘yicha dolzarb ma’lumotlarni aks ettiradi. 2023-yil oktyabrda e’lon qilingan Huquq ustuvorligi indeksida dunyoning 142 ta davlati orasida O‘zbekiston 78-o‘rinni egalladi. Ta’kidlash lozimki, 2016-yildan 2023- yilga qadar mamlakatimiz huquq ustuvorligi eng tez yaxshilangan davlatlar orasida 8,9 foiz o‘sish ko‘rsatkichi bilan birinchi o‘rinni egallaganligi e’tirof etildi. 

Korrupsiyani qabul qilish indeksi

“Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Korrupsiyani qabul qilish indeksida davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari ijobiy baholanmoqda. Indeksning 2023- yilgi nashrida O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 121-o‘rinni egallab, o‘z ko‘rsatkichlarini 2022 yilga nisbatan 5 pog‘onaga yaxshiladi.

Matbuot erkinligi indeksi

Shuningdek, mamlakatimiz “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan Matbuot erkinligi indeksining 2023- yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan hisobotida 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egalladi. Ma’lumot uchun: Matbuot erkinligi indeksiga AOKA mas’ul davlat organi hisoblanadi.

Nimalar qilish kerak?

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonning siyosiy – huquqiy sohadagi reytinglardagi o‘rnini yaxshilash uchun parlament nazoratini yanada kuchaytirish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish, qonun hujjatlari normalarining aniq va bir xilda amalga oshirilishini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, jurnalistlarning huquqlarini ta’minlash hamda shaffoflik mexanizmlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish talab etiladi.