Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 69 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +7°

Global ochlik indeksi e’lon qilindi: O‘zbekiston eng yaxshi ko‘rsatkichga ega davlatlar qatorida

Indeksni tuzishda mamlakatlar aholisining to‘yib ovqatlanmasligi (kaloriyaning pastligi), bolalar o‘rtasidagi ozg‘inlik (bo‘yiga nisbatan yengil vazni), bolalarning bo‘yi o‘smay qolgani va ular o‘rtasidagi o‘lim ko‘rsatkichlari asos qilib olinadi.

2 daqiqa o‘qiladi

Global ochlik indeksi e’lon qilindi: O‘zbekiston eng yaxshi ko‘rsatkichga ega davlatlar qatorida

Global ochlik indeksining (Glodal Hunger Index) yangilangan reytingida O‘zbekiston birinchi o‘rinda qayd etilgan 22 davlat orasidan joy egalladi. Shu tariqa, mutaxassislar mamlakatda oziq-ovqat bilan bog‘liq katta muammolar yo‘qligini tan oldi.

Indeks qaysi mezonlarga asoslangan?

Qayd etilishicha, yakuniy ball qancha past bo‘lsa, mamlakatda to‘yib ovqatlanmaydigan fuqarolar shunchalik kam hisoblanadi. Tadqiqot to‘rtta mezonga, jumladan, kam ovqatlanish, bolalar bo‘yining o‘sishi, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi va ochlikdan sillasi quriganlar haqidagi ko‘rsatkichlarga asoslanadi. Reytingning yetakchilari besh balldan kam to‘plagan davlatlar bo‘ldi.

O‘zbekistonda ahvol barqaror

Shunday qilib, O‘zbekistonda umumiy aholining 2,5 foizdan kamrog‘i to‘yib ovqatlanmaydi. Shuningdek, bolalarning 6,5 foizida o‘sish sekinlashgan, 2,4 foizida esa sillasi qurish alomatlari kuzatilgan. Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 3,1 foizdan oshmaydi. Ochlik bilan bog‘liq muammolar bo‘lmagan mamlakatlar orasida sobiq itttifoqning boshqa vakillari ham bor: Litva, Latviya, Estoniya, Belarus, Gurjiston va Rossiya.

Qo‘shnilarimizda vaziyat qanday?

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan bog‘liq vaziyat quyidagicha: Qozog‘iston 25-o‘rin, Qirg‘iziston 36-o‘rin, Turkmaniston 50-o‘rin, Tojikiston 65-o‘rin. Biroq bu mamlakatlarning deyarli barchasi ochlik darajasi “past” bo‘lgan ishtirokchilar ro‘yxatida, faqat Tojikiston “mo‘tadil” toifada.

Afg‘oniston 127 ishtirokchi orasida 116-o‘rinni egalladi. Bu shuni anglatadiki, mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq salbiy vaziyat mavjud: to‘yib ovqatlanmaydiganlar soni umumiy aholining 30,4 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 44,6 foizining o‘sishi zaif, 3,6 foizi esa sillasi qurigan. Bolalarning 5,8 foizi esa besh yoshgacha yashamaydi.

“Jiddiy” ochlik muammolari bor mamlakatlar

Afg‘onistondan tashqari, “jiddiy” ochlik muammolari bor mamlakatlar toifasiga Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shimoliy Koreya va Suriya ham kiritilgan.

Indeksning eng quyi qismida vaziyat “tashvishli” deb hisoblangan mamlakatlar joylashgan. Bu yerda Afrika vakillari - Chad, Janubiy Sudan, Somali, Madagaskar, shuningdek, Osiyodan Yaman joy olgan.