Tergov sudyasi endi shaxs huquqlarini himoya qiladi
Shaxsning huquq va erkinliklarini kafolatlash maqsadida tergov jarayonlariga oid yangi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat tergov sudyalarining vakolatlarini kengaytirib, sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxs huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

2025-yil 28-yanvarda qabul qilingan yangi qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu o‘zgarishlar tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. Endilikda tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish jarayonida protsessual qarorlarni sanksiyalash, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish mexanizmi aniq belgilanadi.
Tergov sudyalari vakolatlari kengaytirilmoqda
Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, tergov sudyalarining vakolatlari belgilandi. Endilikda tergov sudyasi yakka tartibda ish yuritib, shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud nazorati ostida himoya qiladi. Sudga qadar ish yuritish bosqichida tergov organlari harakatlarining qonuniyligi ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Tintuv o‘tkazish tartibi va asoslari aniq belgilandi
Yangi qonunga muvofiq, tergov jarayonida tintuv o‘tkazish tartibi ham qayta ko‘rib chiqildi. Agar tintuv uchun asoslar mavjud bo‘lsa, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tomonidan tegishli iltimosnoma kiritiladi. Ushbu iltimosnoma tergov sudyasi tomonidan qonuniy asoslar mavjudligi tekshirilgach, qaror chiqariladi.
Telefon so‘zlashuvlarini eshitish tartibi aniq belgilandi
Endilikda tergov jarayonida telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish yoki axborotlarni olish bo‘yicha aniq tartiblar belgilandi.
Mol-mulkni xatlash bo‘yicha yangi tartiblar joriy qilindi
Mol-mulkni xatlash jarayonida ham aniq tartiblar o‘rnatildi. Endilikda bunday iltimosnomalar surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan hududdagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.



