$
 12004.41
-20.92
 14129.19
-33.04
 153.59
-1.66
weather
+26
Кечаси   +14°

Narkoterrorizm va qurol saqlashda ayblanayotgan prezident: Venesuelada nimalar bo‘lyapti?

venesuella

3-yanvar kuni ertalab Venesuela poytaxti Karakas va uning atrofidagi hududlar kuchli havo zarbalari ostida qoldi, deya xabar bermoqda Reuters.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Karakasda kamida yettita kuchli portlash ovozi eshitilgan va shahar osmonida pastlab uchuvchi harbiy samolyotlar ko‘ringan. Shaharning ayrim qismlarida elektr ta’minoti uzilgan. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro barcha milliy mudofaa rejalarini amalga oshirishni buyurdi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Hukumat o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.

Bu hujumni kim qildi?

Oradan vaqt o‘tib AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores qo‘lga olingani hamda mamlakatdan olib chiqib ketilganini e’lon qildi.

Trampning ta’kidlashicha, operatsiya AQSh huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda “muvaffaqiyatli” o‘tkazilgan. “Qo‘shma Shtatlar Venesuela va uning rahbari Nikolas Maduroga qarshi keng ko‘lamli zarbani muvaffaqiyatli yakunladi. Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olindi va mamlakatdan olib chiqib ketildi”, — deb yozdi u.

Sabab nima?

Oq uy ma’muriyati mazkur harakatlarni giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bilan izohlamoqda.

AQSh so‘nggi oylarda Venesuelaga bosim o‘tkazish kampaniyasini olib bormoqda, jumladan, Karib havzasida harbiy texnikalarni ko‘paytirmoqda. Donald Tramp Vashington Venesuelaga boradigan va undan chiqadigan barcha sanksiya ostidagi neft tankerlarini “to‘liq va keng qamrovli blokada”ga olishini e’lon qilgandi. Shuningdek, Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga bir necha bor tahdid qilgan. Avvalroq Oq uy rahbari Maduroning “kunlari sanoqli” ekani va u o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqishi “oqilona” bo‘lishini aytgandi.

O‘tgan hafta AQSh Karib dengiziga katta miqdordagi samolyotlar, qo‘shin va uskunalarni tashlagandi. Bu Donald Tramp ma’muriyatining Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga nisbatan kuchayib borayotgan bosim kampaniyasidagi so‘nggi qadami bo‘lgandi.

Ayblovlar

AQSh Bosh prokurori Pamela Jo Bondi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga narkoterrorizm, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi kabi jinoiy ayblovlar qo‘yilganini ma’lum qildi. Ushbu ayblovlar AQSHda sud jarayoniga olib kelishi kutilmoqda. AQSHning respublikachi senatori Mayk Li Davlat kotibi Marko Rubioga tayanib, Maduroning jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ijtimoiy tarmoqda ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng Venesuela Bosh prokurori Tarek Uilyam Saab AQShni Maduroning tirikligini isbotlashni so‘radi va ularning taqdiri uchun Amerika ma’muriyatini javobgar deb bildirdi. Shuningdek, u BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlarini begunoh odamlarning o‘limi va Maduroning o‘g‘irlanishiga olib kelgan bu harbiy hujumlarni qoralashga chaqirdi.

So‘ngi xabarlar

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores hozirda Nyu-Yorkka yo‘l olayotgan AQSHning Iwo Jima kemasida. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp “Fox News” telekanalida e’lon qildi. 

“Ular vertolyotda olib kelindi va vertolyotda ajoyib sayohat qilishdi – ishonchim komilki, ular bundan zavqlanishdi. Lekin, ular ko‘p odamlarni o‘ldirishdi, buni unutmang. Ular Nyu-Yorkka olib ketilyapti va bilasizki, Nyu-Yorkda ularga ayblov qo‘yilgan”, degan Tramp.

Maduroga taklif qilgan choralari haqidagi savolga javoban Tramp:  

“Men siz taslim bo‘lishingiz kerakligini aytdim”, dedi. 

Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, u Maduro bilan bir hafta oldin gaplashgan.

“Biz muzokaralar olib bordik. Men u bilan o‘zim gaplashdim. Men: Siz taslim bo‘lishingiz kerak. Siz taslim bo‘lishingiz kerak, dedim. U bunday qilmadi”, deydi Tramp.

AQSH rahbari Maduro bilan sulh suhbatlari qachon bo‘lib o‘tganiga aniqlik kiritarkan, “bir necha marta, taxminan bir hafta oldin”, deb javob qaytargan.