O‘zbekistonda uylar yashash maqsadida xarid qilinmayapti
Aholi daromadlarining o‘sishi uylar narxiga yetib olishga ulgurmayapti.
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank o‘z sharhida O‘zbekistonda uylar yashash maqsadidan ko‘ra ko‘proq investitsiya vositasi sifatida sotib olinayotgani haqidagi tahlilni ma’lum qildi. https://t.me/Bankir/4780
Sarmoya kiritishning yangi yo‘llaridan biri
Unda qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida milliy va xorijiy valyutadagi uy-joy narxlari mos ravishda 43 hamda 23 foizga oshgan. Bu esa o‘z-o‘zidan ko‘chmas mulk bozorini aholi uchun jozibador qilgan. Natijada uy sotib olish sarmoya kiritish yo‘llaridan biriga aylangan. Kapital bozorining yetarli darajada shakllanmagani va uylar narxi bank omonatlaridan ko‘ra ko‘proq o‘sayotgani sarmoyasi bor qatlamni bu bozorga jalb qilyapti.
Daromadlarining o‘sishi uylar narxiga yetib olishga ulgurmayapti
Shuningdek unda yuqori talab fonida taklif yetarlicha bo‘lmayotgani ochiqlangan. Qurilayotgan qo‘shimcha uylar ham yuzaga kelayotgan talab hajmidan ortda qolmoqda. Aholi daromadlarining o‘sishi uylar narxiga yetib olishga ulgurmayapti. O‘tgan yili 1 kv metr uchun uy-joy narxini aholi jon boshiga hisoblangan nominal YAIMga nisbati 30 foizni tashkil etib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 4 foiz bandga ortgan. Ushbu nisbatning ortishi aholining ko‘chmas mulk bozorida uy-joy sotib olish qobiliyatining pasayganini ifodalaydi.
Kelajak kutilmasi
O‘rtacha oyliklar esa uy-joy narxidan 2,1 barobar sekinroq o‘smoqda. Iqtisodiy jihatdan bizga yaqin bo‘lgan Markaziy Osiyo, Kavkaz va boshqa davlatlarda bunga yaqinroq ko‘rsatkich yo‘q. Uylar narxi yuqorilayotganiga qaramasdan, ijara narxlari ancha sekinroq o‘smoqda. Biroq talab shunda ham sovigani yo‘q. Bu esa, aholining kelgusida uy-joy narxlarining yuqori o‘sish kutilmalari mavjud ekanligini ifodalaydi.
Yuqori talab kelgusida ham saqlanib qolishi mumkin
Mamlakatdagi demografik ko‘rsatkichlar ko‘chmas mulk bozorida yuqori talabning kelgusida ham saqlanib qolishidan dalolat bermoqda. Ehtimoliy narx pufagi Toshkentdan butun O‘zbekistonga tarqalgan. 2023-yil davomida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida uy-joylarning o‘rtacha bozor narxi fundamental narxidan 24 foizgacha yuqori baholanishi kuzatildi.



