$
 11949.03
-52.91
 13921.81
-52.05
 166.28
-0.39
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda bir qator tumanlarga yangi hokimlar tayinlandi

Tayinlovlar

Turlicha sabablarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrining ayrim tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. 

Muzrabot tumani

Qayd etilishicha, bugun, 25-sentyabr kuni Xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgan. Sessiya ishida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Abdurashid Ismoilov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganligini ma’lum qilgan. Viloyat hokimi shuningdek, Qurbonov Alisher Qurbonovich nomzodini Muzrabot tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirgan. Shu tariqa nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan. Ma’lumot uchun, Alisher Qurbonov 1973-yilda Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1995-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini, 2005-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi-tashkilotchi, yurisprudensiya. Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda hamda xususiy sektorda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar A.Qurbonov "Amirqulbobo KAA" fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Sho‘rchi tumani

Akbarali Abdujabborovich Ishmurzoyev Sho‘rchi tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Akbarali Ishmurzoyev 1982-yilda Denov tumanida tug‘ilgan. 2003 va 2009-yilda Termiz davlat universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – transport vositalaridan foydalanish, moliya.

Faoliyati davomida ijro hokimiyati organlarida turli lavozimlarda, xususan, Uzun va Angor tumani hokimining o‘rinbosari vazifasida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar Ishmurzoyev 2023-yildan buyon Denov tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Mirzo Ulug‘bek tumani

Poytaxt hokimi matbuot xizmatining xabar berishicha, G‘oyibnazarov Bahodir Rixsialiyevich Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanining hokimi etib tayinlangan. Bahodir G‘oyibnazarov 1970-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1997-yilda Toshkent davlat agrar universitetini iqtisodchi-tashkilotchi, 2005-yilda O‘zbekiston Milliy universitetini huquqshunos mutaxassisliklari bilan tamomlagan. G‘oyibnazarov 2018-yildan beri mazkur lavozimda ishlab kelgan Shavkatbek Irgashevning o‘rnini egalladi. U 2021-yildan shu kunga qadar Toshkent shahar hokimligi tashkiliy-kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Shayxontohur tumani

Abubakirov Bobir Yo‘ldoshovich Shayxontohur tumanining hokimi etib tayinlandi. Bobir Abubakirov 1983-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2004-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutini Xalqaro iqtisodiy munosabatlar, 2015-yilda Yaponiya xalqaro universitetini Xalqaro iqtisod yo‘nalishlarida tamomlagan. Abubakirov 2019-yildan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.