Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

O‘qituvchini qamatgan hokim taqdirlandi

"Miltiq bo‘lsa, otib tashlang" deya ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan o‘qituvchini qamatgan hokimga "Ta’lim homiysi" nishoni topshirildi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchini qamatgan hokim taqdirlandi

"Miltiq bo‘lsa, otib tashlang" deya ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan o‘qituvchini qamatgan hokimga "Ta’lim homiysi" nishoni topshirildi.

Bir og‘iz gapida qamatadiganlar bor

Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova tomonidan "Ta’lim homiysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Lekin aynan shu shaxs, Ulug‘bek Qosimov naqd bir yil muqaddam, 2023-yilning iyul oyida o‘zi o‘tkazgan majlislardan birida viloyatning Sariosiyo tumanidagi maktablardan birining direktori Umida Tursunovani bir og‘iz gap bilan qamatishga buyruq bergan edi.

Qamoq bor edi-yu, miltiq yo‘q edi xolos

O‘sha majlisda sobiq direktor hokimga miltiq bo‘lsa, otib tashlashini, maktabda yuzaga kelayotgan vaziyatlar uyushtirilayotgani, viloyat hokimiga noto‘g‘ri ma’lumot berilayotganini aytgan edi.

Aniqroq aytganda: "Miltiq bo‘lsa, otib tashlang meni. Avval borib ko‘ring, maktabning nima muammosi borligini biling. Hayf sizday hokimga", - degan va shundan so‘ng ichki ishlar organi xodimlari hokimning buyrug‘i bilan direktorni zaldan olib chiqib ketgan. 

Hokim qamatadi, vazir chiqaradi

Bu ish sodir bo‘lganligida olingan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

Shundan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova direktor bilan telefon orqali gaplashib, uning ma’muriy qamoq jazosini bekor qildirgandi.

"Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28- maktab direktori bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan o‘z nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda ma’muriy qamoq jazosidan ozod etildi. Shu o‘rinda ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘z muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini eslatib o‘tmoqchiman", deya yozgan vazir o‘z sahifasida.

Bu ishlardan ko‘p ham vaqt o‘tmasdan direktor lavozimidan ozod qilingan. 

"Sharafli" hokim

Hechqanday sud va tergovlarsiz direktorni qamatishga buyruq bergan hokim esa hech qanday javobgarlikka tortilmagan. Mana bugun esa, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining qo‘lidan "Ta’lim homiysi" ko‘krak nishonini qabul qilib oldi.