JSST: 2019-yilda dunyoda 262 million nafar kishi astma kasalligiga chalingan
Agar oilada astmatiklar boʻlsa, bu xastalik bilan kasallanish ehtimoli ortadi. Odatda astma boshqa allergik kasalliklarga chalingan odamlarda rivojlanishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan astma kasalligi bilan bogʻliq yangi hisobot eʼlon qilindi.
2019-yilda dunyoda astma bilan kasallanganlar soni 262 million nafarni tashkil qilgan va bu xastalikdan vafot etganlar 455 ming nafarga yetgan.
Oʻlim holatlarining aksariyati daromadi past va oʻrta boʻlgan mamlakatlarda
Astma bilan bogʻliq oʻlim holatlarining aksariyati daromad darajasi past va oʻrta boʻlgan mamlakatlarga toʻgʻri keladi, bu davlatlarda astmani aniqlash va davolash koʻrsatkichlari yetarli darajada emas.
Kimlarda astmaga chalinish ehtimoli koʻproq
Astma jiddiy kasallik, ammo toʻgʻri davolash yoʻli bilan uni nazorat ostida ushlab turish mumkin.
Agar oilada astmatiklar boʻlsa, bu xastalik bilan kasallanish ehtimoli ortadi. Odatda astma boshqa allergik kasalliklarga chalingan odamlarda rivojlanishi mumkin.
Bolalar va ortiqcha vaznga ega boʻlgan katta yoshdagi odamlarda astma rivojlanish xavfi yuqori boʻladi.
Astmaga qarshi kurashish usullari
Astmani butunlay tuzatib boʻlmaydi, ammo unga qarshi kurashish uchun bir qator davolash usullari mavjud. Eng keng tarqalgani — bu dorini toʻgʻridan toʻgʻri oʻpkaga yetkazib beradigan ingalyatordan foydalanish. Ingalyatorlar astma bilan ogʻrigan odamlarga kasallikni nazorat ostida ushlab turishga hamda normal va faol hayot kechirishga yordam beradi.
Ammo, JSSTga koʻra, koʻpgina mamlakatlarda barcha bemorlar ham ingalyatorlarni olish imkoniga ega emas. 2021-yilda daromad darajasi past va oʻrtadan past boʻlgan mamlakatlarning faqat yarmida astma bilan ogʻrigan odamlarda bronxodilatatorlar, uchdan birida esa steroid ingalyatorlardan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlgan.
Astma bilan ogʻrigan insonlarga kasallik haqida maʼlumot berish kerak
Astma bilan ogʻrigan odamlar va ularning oila aʼzolariga bu kasallik haqida koʻproq maʼlumot taqdim etish muhim. Bunga davolanish yoʻllarini tanlash, qoʻzgʻatuvchi omillarni bartaraf qilish va uy sharoitida simptomlarni yengillashtirish usullari kiradi.
Astma JSSTning noinfeksion kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish boʻyicha Global harakatlar rejasiga va BMTning 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish kun tartibiga kiritilgan.
Iflos havo astmaning yangi holatlarini keltirib chiqaradi
Astma uchun muhim xavf omili havoning ifloslanishi boʻlib, bu kasallikning yangi holatlarini keltirib chiqaradi. JSST sogʻliqni saqlash xodimlari uchun havoning ifloslanishiga doir oʻquv dasturini ishlab chiqdi, unda bu masala haqida batafsil aytilib, ushbu omilning taʼsirini kamaytirish va yumshatish boʻyicha amaliy maslahatlar berilgan.



