$
 12980.16
44.89
 14606.57
239.37
 161.63
1.16
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Haydovchilik guvohnomasidan umrbod mahrum etish taklif qilinmoqda

guvohnoma

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi Robaxon Mahmudova tezlikni oshirgani uchun haydovchilarni bir umrga guvohnomasidan mahrum qilishni taklif qildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Statistika

So'z boshida 2023-yil va joriy yilning oʻtgan davri mobaynida yurtimizdagi avtomobil yoʻllarida sodir boʻlgan YTHlar va ularda jabrlangan yurtdoshlarimiz toʻgʻrisidagi ma'lumotlarga murojaat qilingan.

 “...2023-yilda sodir etilgan 9 ming 839 ta YTH oqibatida 9 ming 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 ming 282 nafar kishi halok boʻlgan. Bolalar bilan bogʻliq 1 ming 794 ta YTH tufayli 1 ming 568 nafar oʻgʻil-qiz jarohatlangan, 263 nafar bola esa hayotdan koʻz yumgan. Joriy yilning besh oyida voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq 359 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar bola nobud boʻlgan, 294 nafar bola turli darajada tan jarohatlari olgan”, - deyiladi partiya kanalida.

Jarima natija bermayapti

Shuningdek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi bu dahshatli raqamlarga izoh kerakmasligini, ijtimoiy tarmoqlar orqali avtomobilda tezlikni oshirish, yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasdan harakatlanganini hayp koʻrinishida ommaga namoyish etayotganlar ko’payib ketayotganini ham aytib o’tdi.

“Bu kabi holatlarning keskin oshayotgani yoʻllarda harakatlanish boʻyicha qabul qilingan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish, ma'muriy va jinoiy javobgarlik choralarini keskin kuchaytirish zarur ekanligini koʻrsatmoqda. Qachongacha piyodalar oʻlimiga sababchi boʻlayotgan erkatoy haydovchilarga befarq boʻlamiz? Ularni tartibga chaqirish uchun faqatgina jarima miqdorini oshirish bilan kifoyalanish kutilgan natijani bermayapti. Yengil-yelpi boylik orttirib jamiyatga, qolaversa, amaldagi qonunlarga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatayotgan ayrim haydovchilarni tarbiyalashning yangi mexanizmlarini joriy etish lozim, nazarimizda”, - deyiladi xabarda.

Dunyo tajribasi

Dunyo tajribasiga nazar solinsa, Finlyandiyada tezlikni oshirganlik uchun 200 ming dollar miqdorida ma'muriy jarima qoʻllaniladi. AQShda har bir shtatda tezlikni oshirganlik uchun alohida qonunlar mavjud boʻlib, balli tizim holatida koʻp bora ma'muriy huquqbuzarlik sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyiladi. Buyuk Britaniyada haydovchi tezligini oshirganida, 3 baldan 6 balgacha baholanadi. Miqdor oshib ketsa, sudga chaqiriladi. Yaponiyada tezlikni oshirish koʻp bora sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyilishi, hattoki, qamoq jazosi qoʻllanilishi mumkin.

“Avtomobildagi qotillar” ga jazoni kuchaytirish lozim

“Shundan kelib chiqib, biz, “Adolat”chilar bu kabi ma'muriy huquqbuzarliklar va avariyalarda qurbonlar sonini kamaytirish uchun faqatgina jarima miqdorlarini oshirishni oqilona yechim deb bilmaymiz. Chunki moddiy imkoniyati yaxshi boʻlgan haydovchi jarimani toʻlab turib ham yana shunday huquqbuzarlik sodir etmasligi va begunoh insonlarning hayotdan erta koʻz yumishiga sababchi boʻlmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Demak, yurtimizda ham tezlikni oshirganlikda muayyan muddatga avtomobil boshqarish huquqini cheklash yoki haydovchilik guvohnomasidan umrbod mahrum etish, shuningdek, tezlikni oshirish, spirtli ichimlik iste'mol qilib inson oʻlimiga sabab boʻlgan haydovchilarga jinoiy jazo choralarini kuchaytirish, shu bilan bir vaqtda, asosiy e'tiborni tarbiyaga qaratish zarur, deb hisoblaymiz.

Zero, mamlakatimiz yoʻllari piyodalarning yurak hovuchlab yuradigan va otasining erkatoylari istagan tezlikda harakatlanadigan hudud emas. Shuni inobatga olib, “avtomobildagi qotillar” koʻpaymasligini ta'minlash uchun qonunchilikda yuqoridagi kabi jiddiy oʻzgarishlar qilish kerak va shart. Aks holda yoʻllarda yuz berayotgan fojialarning oldini olish imkonsiz boʻlib qolaveradi”, - deydi Robaxon Mahmudova.

Теги :
Jamiyat