$
 12141.94
26.97
 14289.85
29.32
 162.63
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Kruizdagi virus dunyoni oyoqqa turg‘izdi: 28 davlat fuqarolari shoshilinch kuzatuvga olindi

hanta

MV Hondius kruiz kemasida hantavirus aniqlangach, kemadagi yo‘lovchilar turli davlatlarga evakuatsiya qilindi. Hozirgacha uch kishi vafot etgan bo‘lib, ulardan ikki nafarida virus tasdiqlangan. Ayrim yo‘lovchilarda esa alomatlar keyinroq paydo bo‘la boshlagan. Shunga qaramay, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu holat yangi pandemiya emasligini aytmoqda.

Xo‘sh, hantavirus qanchalik xavfli?

“Bu COVID emas”

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Maria Van Kerkhove hantavirus bo‘yicha vaziyat pandemiya emasligini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, bu virus COVID yoki gripp kabi tez va oson tarqalmaydi.

Mutaxassislarning aytishicha, kruizdagi holatga sabab bo‘lgan Andes turi boshqa hantaviruslarga qaraganda odamdan odamga yuqishi mumkin, lekin baribir xavf darajasi past hisoblanadi. Hozirgacha kemada bo‘lgan odamlarda 9 ta holat aniqlangan, shundan 7 tasi laboratoriya orqali tasdiqlangan.

Virus aynan qayerdan chiqqani hali noma’lum. Odatda hantavirus kemiruvchilardan yuqadi. Odamlar virusni sichqon yoki kalamush siydigi, najasi yoki so‘lagi aralashgan havodan yuqtirib oladi. Kruiz esa yovvoyi tabiat hududlari yaqinida bo‘lgani uchun yo‘lovchilardan biri virusni o‘sha yerda yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin.

Kruizdagi yaqin muhit virus tarqalishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin

Mutaxassislar oldingi holatlarda Andes virusi odamlar orasida juda yaqin aloqa orqali tarqalganini kuzatgan. Shu sabab MV Hondius kemasidagi ayrim holatlar ham odamdan odamga o‘tgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Kruiz kemalarida odamlar bir kabinada yashaydi, birga ovqatlanadi va tor joylarda uzoq vaqt qoladi. Bu esa virus tarqalishi uchun qulay muhit yaratishi mumkin.

Vafot etgan uch kishidan biri niderlandiyalik ayol bo‘lgan. U 24-aprel kuni Sent-Yelena orolida kemadan tushgan. Ayol oldinroq kemada vafot etgan eri bilan bir kabinada yashagan. Hozircha erining hantavirus bilan kasallangani rasman tasdiqlanmagan.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash agentligi esa hantavirus oddiy kundalik hayot orqali yuqmasligini aytmoqda. Ya’ni odamlar uni ko‘chada yurib, do‘konda yoki ishxonada oddiy muloqot orqali yuqtirib olmaydi.

Yo‘lovchilar turli davlatlarda karantinga olindi

Virus alomatlari odatda 2–4 haftada namoyon bo‘ladi. Ba’zan esa bir oydan keyin ham paydo bo‘lishi mumkin. Shu sabab kruiz yo‘lovchilariga uzoq muddatli izolyatsiya tavsiya qilingan.

Kema yo‘lovchilari va ular bilan aloqada bo‘lgan odamlar hozir kuzatuvga olingan. Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash agentligi vakili Robin May bu jarayonni “juda katta ish” deb atagan. Ispaniyada 14 nafar fuqaro Madriddagi harbiy kasalxonada majburiy karantinga joylashtirilgan.

Buyuk Britaniyada esa 20 nafar britaniyalik yo‘lovchi Manchester aeroporti orqali olib kelinib, Arrowe Park shifoxonasiga joylashtirilgan. Ular avval 72 soat kuzatuvda qoladi, keyin esa yana 42 kun uyda izolyatsiyada bo‘ladi.

Robin Mayning aytishicha, hozircha britaniyalik yo‘lovchilarning barchasi sog‘lom va ularda simptom yo‘q. Lekin izolyatsiya muddati ilmiy ma’lumotlarga qarab o‘zgarishi mumkinligi ham aytilgan.

Ayrim davlatlarda yangi holatlar aniqlanmoqda

Fransiyaga qaytayotgan bir yo‘lovchida hantavirus alomatlari paydo bo‘lgan. Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri ayol Parijda izolyatsiyada ekanini va ahvoli yomonlashayotganini ma’lum qilgan. U bilan aloqada bo‘lgan 22 kishi ham kuzatuvga olingan.

Hozir ikki britaniyalik bemor Niderlandiya va Janubiy Afrikada davolanmoqda. Madridda karantinda bo‘lgan bir ispaniyalikda ham dastlabki test musbat chiqqan.

AQShga ketayotgan ikki yo‘lovchidan birida yengil simptomlar paydo bo‘lgan, boshqasida esa Andes virusi bo‘yicha zaif musbat natija chiqqan. AQSh rasmiylari ularni ehtiyot chorasi sifatida maxsus biologik himoya bloklarida olib ketilganini aytgan.

Mutaxassislarning aytishicha, hantavirus grippga o‘xshash isitma, holsizlik va mushak og‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin.

Теги :
Jamiyat