O‘zbekiston ochlik va kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyansga qo‘shildi — TIV
Global alyansga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga nima beradi?
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Ochlik va kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyans (GAIN)ga rasman qo‘shildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Bu O‘zbekiston uchun muhim qadam
Bu Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha global sa’y-harakatlarni kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Bu tarixiy qadam global oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq ortib borayotgan muammolar va O‘zbekistonning ochlik, qashshoqlik va tengsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda faol ishtirok etish istagiga javoban amalga oshirildi, deyiladi ma’lumotda.
Bu boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiradi
Global alyansga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga tajriba almashish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish hamda ushbu dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha boshqa davlatlar va tashkilotlar bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyatlar yaratadi.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlari ham Global Alyansga a’zo bo‘lgan
Bugungi kunga qadar Global alyansga 100 dan ortiq davlat qo‘shilgan. Mazkur hujjatga ko‘plab rivojlangan mamlakatlar, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Shvetsiya, Norvegiya, Niderlandiya, Shveysariya, Germaniya kabilar a’zo bo‘lgan.
Bu mamlakatlar, o‘zining moliyaviy va texnologik resurslari bilan alyansning faol ishtirokchilari hisoblanadi. GAINning asosiy maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va oziqlanishni yaxshilashga qaratilgan global yondashuvni qo‘llab-quvvatlashdir.



