Germaniyada yashovchi 10 yoshli o‘zbekistonlik bola o‘zi yaratgan robot bilan nufuzli mukofotni qo‘lga kiritdi
Uning asosiy vazifasi plastik idishlarning yerga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va odamlarni chiqindilarni maxsus qutiga tashlashga undashdan iborat.
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning Saarland federal o‘lkasidagi Ottvayler shahrida yashovchi 10 yoshli Ilmiyor Sadriddinov o‘zi yasagan AIMER roboti bilan Germaniyaning “mb21” multimedia mukofoti sovrindori bo‘ldi. Yosh ixtirochi tanlovda 200 nafardan ortiq ishtirokchini ortda qoldirdi.
Robot chiqindilarni yig‘ishga undaydi
Mukofotlarni topshirish marosimi Drezden shahrida o‘tkazilgan mediafestival doirasida tashkil etildi. Saarland teleradiokompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Ilmiyor tanlovning dastlabki bosqichlarida 200 nafardan ortiq raqibidan ustun kelib, finalga yo‘l olgan 15 nafar ishtirokchi qatoridan joy oldi.
Ilmiyor yaratgan AIMER roboti ommaviy tadbirlar vaqtida odamlar orasida mustaqil harakatlana oladi. Uning asosiy vazifasi plastik idishlarning yerga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va odamlarni chiqindilarni maxsus qutiga tashlashga undashdan iborat.
Robotga kimdir bo‘sh plastik idishni tashlaganida, u ovoz orqali munosabat bildiradi: tashrif buyurgan kishiga xushmuomalalik bilan rahmat aytadi, turli qiziqarli ma’lumotlar va hazillar bilan muloqotni davom ettiradi.
Robotni yaratishda qayta ishlangan materiallardan foydalanilgan
AIMER nomi Artificially Intelligent Mobile Entertaining Recycler iborasining bosh harflaridan olingan. Bu nom o‘zbek tilida sun’iy intellekt yordamida harakatlanadigan va ko‘ngilochar tarzda chiqindi yig‘adigan qurilma ma’nosini anglatadi. Shuningdek, uning talaffuzi nemis tilidagi “Eimer” — chelak yoki chiqindi qutisi so‘ziga hamohang.
Robotning konstruksiyasi karton, qayta ishlangan materiallar va LEGO Spike to‘plami yordamida tayyorlangan. Ilmiyor qurilmaga matnni ovozga aylantiruvchi dasturiy vositani ham o‘rnatgan. Shu orqali robot odamlar bilan ovozli muloqot qila oladi.
Tanlov hakamlari yosh ixtirochining loyihani ishlab chiqishdagi mustaqilligiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, uning g‘oyani dastlabki bosqichdan tayyor prototipgacha olib kelgani, tashabbuskorligi va robot uchun dasturiy kodni o‘zi yozgani yuqori baholangan. Hakamlar AIMER’ni kelgusida yanada rivojlantirish va amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan innovatsion ishlanma sifatida e’tirof etgan.
Ekologik muammolar robot yaratish g‘oyasiga turtki bo‘lgan
Ilmiyorning aytishicha, AIMER’ni yaratish fikri Saarbryukken shahrida o‘tkazilgan Make it Saarland tanloviga tayyorgarlik jarayonida paydo bo‘lgan. “Dunyoni ozoda saqla” shiori ostida tashkil etilgan ushbu tanlovga tayyorlanar ekan, u dunyodagi ekologik muammolar, xususan, atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanishi haqida o‘ylagan.
Shundan so‘ng yosh ixtirochi ushbu muammoga qarshi kurashishga o‘z hissasini qo‘shish yo‘lini izlagan. Natijada odamlarni chiqindilarni belgilangan joyga tashlashga rag‘batlantiradigan robot yaratish g‘oyasi yuzaga kelgan.
Mukofot puli robotning yangi avlodini yaratishga sarflanadi
“mb21” Germaniyadagi nufuzli multimedia tanlovlaridan biri hisoblanadi. Unda 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘zlarining raqamli media loyihalari bilan mamlakat miqyosida ishtirok etadi. Tanlov Germaniya Bolalar va yoshlar kino markazi (KJF) hamda Drezden mediamadaniyat markazi tomonidan tashkil etiladi.
Bu yil mazkur tanlov 28-marta o‘tkazildi. G‘oliblar uchun jami 11 ming yevro miqdorida mukofot puli ajratilgan.
Ilmiyor o‘ziga homiylar tomonidan taqdim etiladigan mablag‘ni AIMER robotining imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirmoqchi. Uning rejasiga ko‘ra, qurilmaning navbatdagi namunasi hozirgi karton korpus o‘rniga haqiqiy chiqindi konteyneri asosida tayyorlanadi. Shuningdek, robotga kamera o‘rnatilib, maxsus mexanizm orqali chiqindilarni turlariga qarab ajratishni o‘rgatish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Ilmiyor Ottvayler gimnaziyasida tahsil olmoqda. U ixtirochilik bilan bir qatorda musiqa bilan ham shug‘ullanadi.



