$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent shahridagi maktablarda virusli gepatit kasalligi tarqalmoqda

gepatit

Toshkent shahridagi ikkita maktabda virusli gepatit kasalligi aniqlandi. Bu haqda Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.

Epidemiologik surishtiruv va sanitariya nazorati

Qayd etilishicha, kecha, 3-dekabr kuni Sanepidemqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman boʻlimi mutaxassislari tomonidan tumanda joylashgan 214- hamda 65-sonli umumiy oʻrta ta'lim maktablarida virusli gepatit kasalligi aniqlangani sababli epidemiologik surishtiruv hamda sanitariya nazorati oʻtkazilgan.

Surishtiruv davomida:

oʻquvchilar va ishchi xodimlarning oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtganlik xulosalari;

shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibi;

maktab binosida, sinf xonalarda joriy tozalik ishlarining olib borilishi, jihozlarning sozligi;

isitish tizimlari yoqilib foydalanishga topshirilgani;

hojatxonalarda gigiena qoidalariga rioya qilingani hamda qoʻl yuvish moslamalari va oqova suv tizimining soz holatdaligi toʻliq oʻrganilib, tekshiruv oʻtkazilgan.

Maktabning sanitariya holati talabga javob bermaydi

Tekshiruvlar natijasida, maktabning sanitariya holati talabga javob bermasligi ma'lum boʻlgan. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maktab rahbariyatiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Maktab o'quvchilari o'rtasida uchrayotgan gepatit A kasalligi qanchalik xavfli?

Virusli gepatit A (sariq kasal) asosan 14 yoshgacha bolalar o'rtasida uchraydigan, asosan, kuz-qish mavsumida boshqa mavsumlarga nisbatan ko'proq aniqlanadigan kasallik hisoblanadi.

Gepatit A — kasallikning eng ko‘p uchraydigan, ammo boshqa gepatit turlariga nisbatan xavfsizroq turi hisoblanadi. U deyarli doim o‘tkir kechadi va surunkali bo‘lmaydi, o‘limga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Qanday yuqadi?

Nisbatan yuqori kasallanish aholi sifatli ichimlik suv bilan yaxshi ta’minlanmagan, sanitariya-gigiyena sharoiti nochor bo‘lgan hududlarda kuzatiladi. Shu bilan birgalikda, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zaro muloqot jarayonida gepatit A kasalligini yuqtirib olish ehtimoli mavjud.

Ushbu kasallik "kir qo‘llar kasalligi" deb ham ataladi. Virusni, asosan, virus bilan zararlangan kirlangan suv, ochiq suv havzalari, taom, yaxshi yuvilmagan idish, ho'l mevamahsulotlarini yuvmay iste'mol qilish hamda kasallangan odam bilan kontaktda bo‘lish orqali yuqtirish mumkin.

Virusli gepatit A kasalligi maktab sharoitida aniqlanganda nima qilinadi?

Virusli gepatit A kasalligi maktab sharoitida aniqlangan taqdirda epidemiologik surishtiruv ishlari olib boriladi. Agar hududda sanitariya holati qoniqarsiz, suv tizimi yo'lga qo'yilmagan va hojatxonalar nosoz holatda bo'lib, kasallik tarqalishiga sharoit yaratilayotgan bo'lsagina maktabda ta'lim jarayonlarini vaqtincha to'xtatish mumkin bo'ladi.

Kasallikni bolalar o'rtasida aniqlanmasligi va tarqalmasligi uchun mutaxassislar tomonidan nafaqat maktab, balki uyushgan jamoalar, uy o'choqlarida epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar olib boriladi. Shuningdek, bolalarni ushbu kasallikka qarshi emlatish eng samarali usul hisoblanadi. Har yili poytaxtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari bepul ravishda, xususan ota-onalar hisobidan o'rtacha hisobda poytaxtimizda 50 mingdan ziyod bolalar emlanmoqda. Bu esa kasallikning aniqlash ko'rsatkichlarini yildan-yilga kamayishiga sabab bo'lmoqda.