$
 11881.60
-55.29
 13749.39
-19.81
 151.05
-0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

EcoLand: GEFning O‘zbekistondagi $6,1 millionlik ekoloyihasidan nimalar kutilyapti?

gef

Global ekologik jamg‘arma (GEF) O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun 6,1 million dollar ajratadi.

O‘zbekistondagi qimmatli landshaftlar qayta tiklanadi

CITES konferensiyasi doirasida GEF-8 dasturining “O‘zbekistonda qimmatli landshaftlarni kompleks boshqarish va tiklash” (EcoLand) loyihasi ishga tushirildi hamda grant bo‘yicha rasmiy kelishuv imzolandi.

EcoLand loyihasi O‘zbekistonning uch asosiy landshaft klasterida ekotizimlarni tiklash va ularni barqaror boshqarish bo‘yicha kompleks yondashuvlarni kengaytirishga qaratilgan. Dastur yer resurslaridan oqilona foydalanish, tabiiy muhitni asrash, iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish va mahalliy aholini jarayonga faol jalb etishni maqsad qiladi.

“O‘zbekiston qimmatli landshaftlarni qayta tiklash va bioxilma-xillikni avlodlar uchun asrab qolishga intilmoqda. Ushbu loyiha ekologik islohotlarimiz yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi”,

 — dedi Ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov.

Loyiha qamrab oladigan hududlar

EcoLand tashabbusi olti viloyat va o‘n nafar pilot tumanni o‘z ichiga oladi. Ular mamlakatning eng muhim tabiiy hududlari hisoblanadi:

• Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron

• Surxondaryo: Boysun, Sherobod

• Qashqadaryo: Dehqonobod

• Navoiy: Xatirchi, Nurota

• Samarqand: Qo‘shrabot, Payariq

• Jizzax: Forish

Qamrov – 1,3 million gektar

Loyiha 1,3 million gektar maydondagi tabiiy hududlarni samarali boshqarishni yo‘lga qo‘yish, ularning barqarorligini mustahkamlash va mahalliy aholiga ekologik imkoniyatlardan teng foydalanish sharoitini yaratishni ko‘zda tutadi.

Asosiy yo‘nalishlar

EcoLand dasturi uch turdagi ekotizimlar bilan ishlaydi:

– ekologik qiymati yuqori bo‘lgan o‘rmon hududlari;

– quruq dasht va yaylov maydonlari;

qishloq xo‘jaligi mozaik landshaftlari hamda kichik fermer maydonlari.

Loyiha doirasidagi yangi sinovlar

Loyiha manfaatdor tomonlar ishtirokida integratsiyalashgan boshqaruv tizimini joriy etadi, shuningdek innovatsion moliyaviy mexanizmlarni — bioxilma-xillikni moliyalashtirish vositalari, “yashil” investitsion mahsulotlar va bioxilma-xillik kreditlarini sinovdan o‘tkazadi.

Dastur doirasida ayollar, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtiroki alohida qo‘llab-quvvatlanadi.