“Uchta O‘zbekistonni boqadigan gazga ega” O‘zbekistonda gaz importiga qaramlik ortib bormoqda(mi?)
Statistika agentligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 809,5 million dollarlik tabiiy gaz import qilgan. Bu o‘tgan 2023-yildagi yillik ko‘rsatkichidan ham yuqori.
2 daqiqa o‘qiladi

Statistika agentligi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 809,5 million dollarlik tabiiy gaz import qilgan. Bu o‘tgan 2023-yildagi yillik ko‘rsatkichidan ham yuqori.
Eksport va import o‘rtasidagi tafovut
Avvalroq mamlakat Shimoldan gaz importi hajmini oshira boshlagach, joriy yilda gazni xorijdan sotib olish hajmi rekord darajada ortishi mumkinligi taxmin qilgani bugun o‘z tasdig‘ini topmoqda. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakat dastlabki 6 oylikdayoq 809,5 million dollarlik tabiiy gaz import qilib ulgurgan. Qiziqarlisi, respublikada butun 2023-yil davomida (oldingi yillardagidan eng ko‘p) 694,9 million dollarlik gaz import qilingan. Bu yilgi import hajmi oxirgi 8-yil davomida yillik raqamlarda ham qayd etilmagan. Joriy yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 241,4 million dollarlik tabiiy gaz eksport qilgan. O‘tgan 2023-yilning dastlabki 6 oyida respublika 341,9 million dollarlik gaz eksportini amalga oshirgandi. Masalani yana-da kengroq qamrab olish uchun, chet eldan 2020-yilning birinchi 6 oyida 278,6 million dollarlik, 2021-yilning mos davrida 265,6 million dollarlik, 2022-yilning yarmida 525,4 million dollarlik tabiiy gaz sotib olingan.
Gaz qazib olish hajmi qisqarmoqda
O‘zbekistonda 2024-yil birinchi yarim yilligida mamlakatda 22,2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olingan. O‘tgan 2023-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 23,5 milliard kub metr bo‘lgan. Oradagi yillik tafovut —1,3 milliard kub metrni tashkil qilmoqda. Agentlik press-relizida 2019-yilning dastlabki 6 oyida 30,3 milliard kub metr, 2020-yilning mos davrida esa qazishda sezilarli pasayish kuzatilib, 25,1 milliard kub metr gaz olingan. 2021-yil yanvar-iyun oylarida 26,2 milliard kub metr, 2022-yilning birinchi yarmida 26,1 milliard kub metr gaz qazilgan.
Ma’lumot uchun, 2021-yilning fevral oyida O‘zbekiston Energetika vazirligining sobiq vaziri Alisher Sultonov "Amerika ovozi"ga bergan intervyusida amaldagi mavjud gaz zaxiralari “Uchta O‘zbekistonni boqa oladi”, deya ma’lumot bergan.



