$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy Osiyo davlatlari 14 yil mobaynida Xitoyga qancha tabiiy gaz yetkazib bergani ochiqlandi

Gaz

Bu haqda Xitoy matbuoti West Pipeline Company ma’lumotlariga tayanib xabar berdi. 

Gaz quvuri haqida

“Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvuri Markaziy Osiyo davlatlaridan Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish uchun qurilgan strategik ahamiyatga ega infratuzilma loyihasidir. Ushbu quvur Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Xitoy hududlari orqali o‘tadi. Quvurning umumiy uzunligi taxminan 1833 kilometrni tashkil etadi. Yiliga 55 milliard kub metr gaz tashish quvvatiga ega. Quvur A, B va C tarmoqlaridan iborat bo‘lib, har biri alohida yo‘nalishda gaz tashishni amalga oshiradi.

Qurilish tarixi va ahamiyati

Quvurning qurilishi 2008-yilda boshlangan bo‘lib, birinchi tarmoq 2009-yil dekabrida ishga tushirilgan. Quvurning qurilishi va faoliyati Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) tomonidan amalga oshirilgan. Ushbu quvur Markaziy Osiyo davlatlari uchun tabiiy gaz eksportidan daromad olish imkoniyatini yaratgan bo‘lsa, Xitoy uchun energiya manbalari diversifikatsiyasi va energiya xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. 

14 yillik natija

Xitoy matbuotining qayd etishicha, quvurning asosiy obyekti - Khorgos gaz kompressor stansiyasi. Bu Markaziy Osiyo gazining Xitoyga birinchi kirish nuqtasi hisoblanadi. 2009-yilda foydalanishga topshirilgan Khorgos kompressor stansiyasi 5 ming kundan ortiq vaqt davomida xavfsiz va barqaror ishlab, jami 500 milliard kub metrdan ortiq Markaziy Osiyo tabiiy gazini tortib oldi. Stansiya kuniga ko‘pi bilan 160 million kub metr gazni haydaydi. Markaziy Osiyodan Xitoyga yetkazilgan 522,5 milliard kub metr tabiiy gaz 696 million tonna ko‘mirga teng bo‘lib, karbonat angidrid chiqindilarini 731 million tonnaga, oltingugurt dioksidi chiqindilarini 25 million tonnaga, changni 379 million tonnaga, azot oksidini 6,27 mln. tonnaga kamaytirgani ta’kidlanmoqda.

Quvurning o‘tkazuvchanlik quvvati

Ma’lumotga ko‘ra, birinchi kompressor stansiyasidan tabiiy gaz Markaziy Osiyo – Xitoy quvuri orqali 84 soat ichida sharqqa 1833 km masofani bosib o‘tib, O‘zbekistonning markaziy qismi, Qozog‘istonning janubiy qismi va Xitoy chegarasidagi «Khorgos» punkti orqali Xitoy hududiga kiradi. Loyiha quvvati yiliga 60 milliard kub metr gazni tashkil etadigan gaz quvuri 2009-yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilgan. Gaz quvuri 27 provinsiya darajasidagi mintaqa va Gonkong maxsus ma’muriy mintaqasidagi 500 milliondan ortiq aholini gaz bilan ta’minlaydi.

Gaz eksporti

Avvalroq "Новости Центральной Азии" axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston Xitoyga 499 million dollarlik quvur gazi yetkazib bergani ma'lum bo'lgandi. Bu orqali O‘zbekiston Xitoyga tabiiy gaz eksporti hajmi bo‘yicha davlatlar orasida beshinchi o‘rinni qayd etgan. Xitoy eng ko‘p Turkmanistondan gaz sotib olgan (7,4 milliard dollar), Rossiya ikkinchi o‘rinda (6,1 milliard dollar), Qozog‘iston uchinchi o‘rinda (1,05 milliard dollar). Undan keyin esa Myanma (1,04 milliard dollar) va O‘zbekiston (499 million).

Ma'lumot uchun, quvurning D (to‘rtinchi) tarmog‘ini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, u Turkmaniston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston orqali o‘tishi kutilmoqda. Biroq, loyihada ishtirok etuvchi davlatlar o‘rtasidagi narxlar bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli qurilish kechiktirilmoqda.

Теги :
Iqtisodiyot