$
 12718.08
23.08
 13710.09
61.7
 137.82
-0.3
weather
+26
Кечаси   +14°

Osiyo Kubogi yakunlandi: O‘zbekiston futzalchilari qit'adagi uchinchi raqamli jamoa bo'lishdi

Futzal

Futzal bo'yicha Tailandda o'tkazilgan Osiyo Kubogi yakunlandi. O‘zbekiston terma jamoasi Tojikiston terma jamoasini mag‘lub etib, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Markaziy Osiyo derbisi

Tailandda o‘tayotgan futzal bo‘yicha Osiyo Kubogida 3-o‘rin uchun bahs o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu o‘yinda O‘zbekiston milliy jamoasi qo‘shni Tojikiston bilan to‘qnash keldi va gollarga boy derbining so‘nggi pallalarida mag‘lubiyatdan qutulib, penaltilar seriyasida Elmurodovning seyvlari evaziga g‘alabani ilib ketdi. Shu tariqa O‘zbekiston qit’a chempionatida 6-bor bronza medalini qo‘lga kiritdi. 

"Motivatsiyamiz bo‘lmagani sababli nazoratni yo‘qotdik"

Uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasining xorijlik bosh murabbiyi Xose Venansio Lopes o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi. "O‘yinning borishi juda o‘zgaruvchan bo‘ldi. 2:0 hisobida oldinda borayotgan vaqtimizda 3-golni urishimiz va o‘yin taqdirini hal qilishimiz kerak edi. Ba’zi vaziyatlarda o‘zimiz nazoratni yo‘qotdik va Tojikiston hatto g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Biroq penaltilar seriyasida adolat tantana qildi. Bugun biz g‘alabaga haqliroq edik. Jahon chempionati oldidan ko‘p jihatlarimizni yaxshilashimiz va yanada ko‘proq mehnat qilishimiz kerak. Ba’zida taktik tayyorgarlikdan ko‘ra ruhiyat muhimroq bo‘ladi. Eronga qarshi yarimfinalda aynan shu omil bizga pand berdi. Yigitlar ma’lum vaqt konsentratsiyani yo‘qotishdi. Barchaga birdek munosabatni saqlab qolishimiz kerak. Bu — g‘alaba uchun eng muhim elementlardan biri. Raqib ushbu musobaqaga juda yaxshi tayyorlangan va o‘yin jihatdan ancha o‘sishga erishgan. Ayniqsa, guruhda 1-o‘rinni egallab, chorakfinalga yo‘l olganidan so‘ng ruhiy tomondan ham o‘sgan. Ular hech qachon taslim bo‘lishmaydi, oxirigacha jang qilishadi va juda raqobatbardosh jamoa. Motivatsiyamiz bo‘lmagani sababli nazoratni yo‘qotdik, ayrim vaziyatlarda futzalchilarimiz xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Avvalgi uchrashuvlardagi g‘alabalarimiz va bugungi yutug‘imiz o‘rtasida juda katta farq bor. Jamoaga kelganimdan so‘ng bir qancha taktik o‘zgarishlar qildim. Jamoaga yangi sxemalarni kiritdim, lekin men uchun eng muhimi — jamoamiz turli vaziyatlarga qanday munosabatda bo‘lishlari, o‘yinni nazorat qilishlarida. O‘ylaymanki, bu — biz yaxshilashimiz kerak bo‘lgan eng katta muammo, chunki o‘yinni nazorat qilish uchun umuman xatolarga yo‘l qo‘ymaslik lozim", — deydi ispaniyalik mutaxassis.

Final oldi final o‘yini

Avvalroq terma jamoamiz yarimfinali doirasidagi uchrashuvda turnirning favoriti Eronga qarshi parketga tushib, o‘yinning asosiy vaqtida forslar bilan jangovar durang qayd etishgandi – 3:3. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham hisob o‘zgarmagach, hakamlar jamoalarni penaltilar seriyasiga taklif etishdi. Unda omad forslarga kulib boqdi – 5:4. 

Eron yana chempion

Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi finali doirasida mezbon Tailand va amaldagi vitse-chempion Eron terma jamoalari kuch sinashdi. Bu o‘yinda kutilganidek forslar yirik 4:1 hisobida g‘oliblikni tantana qildi. Musobaqa yakuniga ko‘ra Eron milliy terma jamoasi 13 karra Osiyo chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Tailand esa kumush medali bilan cheklandi.

Jahon Chempionati mezbonligi

Ma’lumot uchun, FIFA 2024 yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati mezbonligini O‘zbekistonga ishonib topshirgan. Futzal bo‘yicha dunyo mundialining hal qiluvchi uchrashuvlari mezboni sifatida uchta shahar – poytaxt Toshkent, qadimiy Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Buxoro va vodiy durdonasi sanaladigan Andijon tanlab olingan. Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tadigan FIFA shafeligidagi musobaqada dunyoning eng kuchli 24 milliy jamoasi futzal bo‘yicha Jahon chempionligi uchun kurash olib boradi. Tarixda 10-bor tashkil etilayotgan musobaqada amaldagi g‘olib Portugaliyadan tortib, besh karra chempion Braziliya, shuningdek, Fransiya va Yangi Zelandiya kabi debyutantlar joriy yilning 14-sentyabr va 6-oktyabr kunlari yurtimizda jam bo‘lishadi. Toshkent, Buxoro va Andijon shaharlari mezbonlik qiladigan mundialning rasmiy qur’a tashlash marosimi shu yilning 26-may sanasida tashkil etiladi. Tadbir Samarqand shahridagi Registon maydonida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.