Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 88 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +9°
Читать на русском

O‘zbekiston futzal federatsiyasi tashkil etildi

Kelasi yildan faoliyatini boshlaydigan federatsiyaga bungacha “BMB” futzal klubi rahbari bo‘lib ishlagan, BMB Xolding kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov prezident etib saylandi.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston futzal federatsiyasi tashkil etildi

Kecha, 25-dekabr kuni Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida yangi tashkil etilgan O‘zbekiston futzal federatsiyasining taqdimot marosimi o‘tkazildi.

Tadbir tafsiloti

Tadbirda O‘FA hamda O‘zPFL futzalni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, mini-futbol va sohil futbolini aholi orasida ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida ularni yagona tuzilmaga birlashtirishga qaror qilingani qayd etiladi. O‘FA Bosh kotibi Avaz Maksumov so‘z olib, joriy yilning 17-dekabr kuni O‘zbekiston futzal federatsiyasini tashkil etish maqsadida uning ta’sis yig‘ilishi o‘tkazilgani yuzasidan ma’lumot berdi. Yig‘ilishda O‘FA va O‘zPFL rahbariyati ishtirok etib, O‘zbekiston futzal federatsiyasining Ustav loyihasi hamda Ijroiya qo‘mita a’zolari a’zolari tasdiqlanganligi, shundan so‘ng, tashkilotning ta’sis hujjatlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan.

Federatsiya rahbariyati

2025-yildan e’tiboran faoliyatini boshlaydigan O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti etib Respublikamizda futbol va futzal sport turlarining rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatayotgan, yurtimizning faol tadbirkorlaridan biri, BMB Xolding kuzatuv kengashi raisi Bekzod Akmalovich Mamatqulov nomzodi ma’qullandi. Shu tariqa, Bekzod Mamatqulov — federatsiyasi prezidenti, Aziz Akbarjonov — vitse-prezident, Ma’rufjon Abdullayev — bosh kotib sifatida ish boshladi.

Men sehrgar emasman

Yangi ochilgan O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbari Bekzod Mamatqulov yaqin 4-5 yil ichida termamiz jahonning TOP-10 jamoalari orasidan joy olishini ma’lum qildi. “Men sehrgar emasman. Lekin nasib qilsa 4-5 yil ichida O‘zbekiston futzal terma jamoasi jahonning TOP10 jamoasi orasiga kiradi”, — deb fikr bildirdi yangi rahbar. 

Endi bunday bo‘lmaydi

Shuningdek, Bekzod Mamatqulov keyingi mavsumlarda futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining vaqtlari haqida ham fikr bildirdi. “Futzal chempionati o‘yinlarida muxlis yo‘q? Qaysi “narmalniy“ odam ish kuni ertalab soat 11-00 da keladi? Endi bunday bo‘lmaydi”, — dedi yangi rahbar.

Ma’lumot uchun, bungacha 2002-2002-yillarda O‘zbekiston mini-futbol (futzal) assotsiatsiyasi, keyinchalik 2004-2017-yillarda O‘zekiston futzal assotsiatsiyasi faoliyat yuritgandi. So‘ngra futzal ikkiga bo‘linadi. Terma jamoalar O‘FAga o‘tdi, ichki chempionat va Kubok o‘yinlari PFLga.