Futzal boʻyicha Jahon chempionati yuqori darajada tashkil etiladi
Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar, shuningdek, Jahon chempionati oʻyinlariga chiptalari mavjud boʻlgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yoʻl chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilinadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar, shuningdek, Jahon chempionati oʻyinlariga chiptalari mavjud boʻlgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yoʻl chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilinadi.
28-may kuni “2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionati
Qarorga koʻra, Andijon, Buxoro hamda Toshkent shaharlarida 2024-yil 14-sentyabr – 6-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori darajada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:
- 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi;
- 2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.
“Trophy experience” futzal turi marshruti
Shuningdek, 2024-yil iyun va avgust oylarida Jahon chempionati bosh sovrini – Jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika boʻylab “Trophy experience” futzal turi marshruti ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslarni identifikatsiyalovchi va chiptalarni zamonaviy texnologiyalar (QR-kod) yordamida roʻyxatga oluvchi va tekshiruvchi maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi.
Akkreditatsiyadan oʻtganlarga temiryoʻl chiptalari uchun 50 %li chegirma qilinadi
2024-yil avgust–oktyabr oylarida Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar, shuningdek, Jahon chempionati oʻyinlariga chiptalari mavjud boʻlgan xorijiy va mahalliy muxlislar uchun temir yoʻl chiptalariga 50 foiz miqdorida chegirmalar joriy qilinadi.
Jahon chempionatida akkreditasiyadan oʻtgan shaxslar hamda oʻyin kunlari chiptalari mavjud boʻlgan shaxslar uchun jamoat transport vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Futzal boʻyicha JCh-2024 qurʼasi
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26-may kuni Samarqand shahrining Registon maydoni majmuasida futzal boʻyicha Jahon chempionatiga qurʼa tashlangan edi. Qurʼa natijasiga koʻra, A guruhidan joy olgan Oʻzbekiston futzal terma jamoasi Paragvay, Kosta-Rika va Niderlandiya jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Guruhlar tarkibi:
A guruhi:
- Oʻzbekiston
- Paragvay
- Kosta-Rika
- Niderlandiya
B guruhi:
- Braziliya
- Tailand
- Xorvatiya
- Kuba
C guruhi:
- Argentina
- Ukraina
- Afgʻoniston
- Angola
D guruhi:
- Ispaniya
- Qozogʻiston
- Yangi Zelandiya
- Liviya
E guruhi:
- Portugaliya
- Marokash
- Tojikiston
- Panama
F guruhi:
- Eron
- Fransiya
- Venesuela
- Gvatemala



