$
 12736.48
-21.17
 14193.53
-74.63
 137.60
-0.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Fayzullayevning “parvozi” davom etadi

Abbosbek Fayzullayev

Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasining 10-turidan o‘rin olgan SSKA va “Axmat” jamoalari uchrashuvining eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. 

O‘yin tafsiloti

Ushbu o‘yinda Fayzullayev o‘ng qanotda ham yuqori darajada o‘ynay olishini ko‘rsatdi. Bellashuvning 19-daqiqasida 20 yoshli futbolimiz jarima maydonchasi tashqarisidan aniq va murakkab zarba bilan hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida yana katta sahnaga Abbosbek Fayzullayev chiqdi. Bu gal u markaziy hujumchi vazifasini a’lo darajada uddaladi. Hujum markazida paydo bo‘lgan hamyurtimiz qanotdan uzatilgan to‘pni bir harakat bilan “Axmat” darvozasiga joyladi. Bu vaziyatda to‘p raqib himoyachisiga ham tegdi. 

Yangi tandem

Uchrashuvni “armiyachilar”ning yangi o‘yinchisi Miralem Pyanich tribunadan kuzatib borgan. Bu orqali Yevropa futbolida porlagan bosniyalik yulduz o‘zi bilan birga harakat qiladigan futbolchilar imkoniyatini bilib olgan bo‘lsa, ajab emas. Aksariyat ekspertlar tez orada SSKAda Abbosbek Fayzullayev va Miralem Pyanich tandemi paydo bo‘lishi ta’kidlamoqda. Pyanich maydon markazida kreativ o‘yin ko‘rsata oladi va turli masofalarga aniq pas uzatadi. Fayzullayev esa, maydon markazini bosniyalik yarim himoyachiga qoldirgan holda har ikki qanotdan hujum uyushtirish va so‘nggi pasni juda qulay uzatish mahoratiga ega. Bugungi gollar orqali Abbosbek Fayzullayev yangi mavsumdagi golli hisobini ochdi. Legionerimiz SSKA safidagi ilk dublini nishonladi. SSKA esa yirik hisobdagi g‘alabadan keyin ochkolar sonini 17 taga yetkazib oldi.


Abbosbek Fayzullayev transferi

Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev o‘tgan yili avgustda “Paxtakor”dan SSKAga o‘tgan edi. Legioner sifatidagi debyut mavsumidayoq Premer-liga va mamlakat kubogida 32 ta uchrashuvda beshta gol va 14 ta assist qayd etgan o‘zbek futbolchisi chempionatning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi. Fayzullayev yangi mavsumni biroz bo‘sh boshlagan bo‘lsa-da, optimal sport formasini tez tiklab oldi. 20 yoshli futbolchimiz hozir ham jamoaning yetakchisi hisoblanadi. Nihoyat, gollari hisobini ochgan Abbosbek chempionat va kubok musobaqalaridagi 11 ta uchrashuvda beshta assist ham qayd etgan.