$
 12676.11
-18.86
 14975.56
97.06
 161.56
-0.04
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

"Yulduzi so‘ngan" yulduzlar

"Yulduzi so‘ngan" yulduzlar

Joriy yilda bir qancha futbolchi va murabbiylar o‘zining klub, terma jamoa va umumiy futboldagi faoliyatlarini yakunlashdi. Ushbu maqola faoliyatini yakunlagan yulduzlardan hikoya qiladi.

Tomas Myuller

Tomas Myuller Germaniya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. "Men har doim o‘z mamlakatim sharafini himoya qilishdan faxrlanganman. Barchangizga rahmat aytmoqchiman. Endi tribunalarda muxlisman", — degan 34 yoshli yarimhimoyachi. "Bavariya" futbolchisi Germaniya safida 131 ta o‘yin o‘tkazib, 45 ta gol urgan (6-natija). Faqat Lotar Matteus (150) va Miroslav Kloze (137) undan ko‘proq bahsda maydonga tushgan. Futbolchi jamoa bilan 2014-yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan, shuningdek, 2010-yilgi mundialda 3-o‘rinni egallagan.

Jerdan Shakiri

Jerdan Shakiri Shveysariya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. «7 ta turnir, ko‘plab gollar, Shveysariya milliy jamoasidagi 14-yil va unutilmas lahzalar. Xayrlashish vaqti keldi. Menda ajoyib xotiralar bor va buning uchun barchangizga rahmat aytaman», — deb yozadi "Chikago Fayr"ning 32 yoshli yarimhimoyachisi ijtimoiy tarmoqda. Shakiri 2010-yildan beri Shveysariya safida harakat qilardi. U milliy jamoada 125 o‘yinda 32 ta gol urgan. Yevro-2024 da jamoa chorakfinalgacha yetib bordi va penaltilar seriyasida Angliyaga yutqazdi. Jerdan turnirda 2 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urdi.

Toni Kroos

Ispaniyaga qarshi Yevropa chempionati chorak finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Toni Kroos futbolchilik faoliyatini yakunlagani hali hech kimning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Toni Kroos professional faoliyatini "Bavariya"da boshlab, Myunxen klubida 2007-yildan 2014-yilga qadar faoliyat olib borgan futbolchi o‘zining qolgan yillarini "Real Madrid" klubida o‘tkazadi. Kroos "Bavariya" bilan uch marta Germaniya chempioniga aylandi, uch marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi va ikki marotaba Superkubok sohibiga aylandi. "Real" tarkibida esa to‘rt martadan La Liga chempionligi va Ispaniya superkubogi hamda bir marta Ispaniya Superkubogi qo‘lga kiritildi. Toni faoliyati davomida olti marta YECHL g‘olibiga aylandi (bir marta "Bavariya", besh marta "Real" bilan). Mos ravishda Kroos olti marta Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi. Kroos 2014-yilda Germaniya termasi safida Jahon chempioniga aylandi. 2010-yil JARda o‘tkazilgan mundialda Toni Kroos Germaniya bilan bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Di Mariya

Argentina terma jamoasining hujumkor yarim himoyachisi Anxel di Mariya Amerika kubogi-2024 finalidan so‘ng terma jamoadagi faoliyatini yakunladi. "Bosh murabbiy qarsaklar uchun yana bitta o‘yin o‘tkazishim kerakligini aytdi. Bugungi jang mening oxirgi jangim bo‘ldi. O‘sha kungi barcha his-tuyg‘ular juda g‘alati edi", - dedi Di Mariya o‘yindan so‘ng.

Yan Vertongen 

Yan Vertongen Belgiya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunladi. Bu haqda himoyachi ijtimoiy tarmoqlarda milliy jamoa libosidagi ilk va so‘nggi o‘yinlari suratlarini joylashtirgan holda ma’lum qiladi. «Barcha xotiralar uchun rahmat, men orzum bilan yashadim!» – deb yozadi himoyachi. "Anderlext"da faoliyat olib borayotgan 37 yoshli Vertongen Belgiya safida ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi hisoblanadi – 157 ta. Belgiya Yevro-2024 1/8 finalida Fransiyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib, turnirdan chiqib ketdi. Bu Vertongenning jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘ldi.

Sunil Chetri

Hind futboli afsonasi Sunil Chetri 39 yoshda futbolchilik faoliyatini yakunladi. JCH-2026 saralash bosqichi 4-turi doirasida o‘tgan Hindiston – Kuvayt (0:0) uchrashuvidan keyin afsona futbolchilik faoliyatini yakunlab, Kalkuttadagi 85 ming sig‘imli stadionda muxlislar bilan xayrlashdi. Avgust oyida 40 yoshga to‘ladigan hindistonlik hujumchi milliy jamoa safida urgan gollari soni bo‘yicha jahonda Ronaldu (128ta gol), Ali Dayi (108 ta gol) va Messidan (106 ta gol) keyin 148 ta o‘yinda 93 ta gol bilan 4-o‘rindan joy olgan.

Jo Hart

Angliya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Jo Hart ham joriyi yilda professional faoliyatini yakunladi. U 2021-yilda "Tottenhem"dan "Seltik"ga o‘tgan Hart Shotlandiya klubi safida uch mavsumda 7 ta sovringa ega chiqdi. 37 yoshli darvozabon "Manchester Siti" safida 12-yillik faoliyat olib borib (2006-2018), klubda 6 ta sovringa ega chiqqan. Jo faoliyati davomida "Vest Hem", "Bernli", "Birminghem", "Torino", "Tranmer", "Shrusberi" va "Blekpul" klubi sharafini himoya qilgan.

Keylor Navas

Real Madrid,PSJ hamda Kosta-Rika terma jamoasidagi faoliyati bilan futbol muxlislariga mashhur bo‘lgan darvozabon terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi. Darvozabon terma uchun 114 ta o‘yinda maydonga tushdi va 3 ta JCHda qatnashdi (Braziliya-2014, Rossiya-2018 va Qatar-2022).

Maruan Fellayni

Maruan Fellayni ijtimoiy tarmoqlardagi posti orqali professional futbolchilik faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. Fellayni faoliyatidagi so‘nggi klub Xitoyning "Shandun Lunen" klubi bo‘lgan. Maruan avval Yevropada “Standard”, “Everton” va “Manchester Yunayted” klublarida o‘ynagan. U kuzda 36 yoshga to‘ladi.

Kloudio Raneri

"Kalyari" bosh murabbiyi Kloudio Raneri faoliyatini yakunladi. Sardinyaliklar bilan yana bir yillik shartnomasi bor bo‘lishiga qaramay, u futboldan ketishni ma’qul ko‘rgan. Italiyalik mutaxassis jamoani bu mavsum A Seriyada saqlab qolgani katta ish. Eldor Shomurodovning "Kalyari"ga o‘tishiga asosiy sababchi Raneri hisoblanadi. U rahbariyatdan bu transferni so‘ragandi. Murabbiy ayni dam 72 yoshda.

 San’at Shixov 

So‘nggi ikki mavsumni “Qo‘qon-1912" safida o‘tkazgan San’at Shixov faoliyatini yakunladi. “Chiroyli yo‘lning, chiroyli yakuni. Hammaga rahmat. Alhamdulilloh”,- deb yozib qoldirgan 34 yoshli futbolchi. Ma’lumot uchun, Shixov faoliyati davomida “Qo‘qon-1912" jamoasidan tashqari “Paxtakor”, “Dinamo”, “Navbahor”, “Buxoro”, “So‘g‘diyona” kabi klublar safida harakat qilgan. Yarim himoyachi O‘zbekiston terma jamoasi safida 2 ta uchrashuvda maydonga tushgan.

Maqolani tayyorlashda o'zbek sport saytlarining ma'lumotlaridan foydalanildi.