Prevyu: O‘zbekiston va BAA grandlari to‘qnashuvi
Bugun, 2-oktyabr kuni Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasining “D” guruhida 2-tur bahslari start oladi. Unda Qarshining “Nasaf“ jamoasi BAAning “Shabab Al Ahli“ klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun, 2-oktyabr kuni Osiyo chempionlar ligasi-2 musobaqasining “D” guruhida 2-tur bahslari start oladi. Unda Qarshining “Nasaf“ jamoasi BAAning “Shabab Al Ahli“ klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Jamoalarning so‘nggi o‘tkazgan o‘yinlari
“Nasaf“ OCHL 2 ning ilk turida safarda “Quvayt SK“ga qarshi o‘yin o‘tkazib, durrang natija qayd etgandi. “Shabab Al Ahli“ esa o‘z maydonida Iordaniyaning “Al Husseyn“ klubidan 3:1 hisobida ustun kelgan. “Shabab Al Ahli“ Qarshiga kelishdan oldin mahalliy chempionat doirasida “Al Oruba“ klubi bilan bellashib, 4:1 hisobida g‘alabaga erishgan. “Nasaf“ bo‘lajak uchrashuv oldidan oxirgi bahsni 28-sentyabr kuni “Bunyodkor“ga qarshi o‘tkazib, 2:2 hisobini qayd etgandi.

Mahalliy va xalqaro maydondagi vaziyatlar
Qarshi jamoasi ayni dam O‘zbekiston chempionati turnir jadvalini 45 ochko bilan boshqarib turibdi. Ajdarlarning ushbu mavsumda chempion bo‘lish ehtimoli ertaga oyning yer atrofida aylanishi ehtimoli bilan deyarli barobar. Birlashgan Arab Amirliklari jamoasining vaziyati esa biroz boshqacharoq. Biroq, umuman olganda, ideal holatda. Jamoa mahalliy chempionat o‘yinlarini hech qanday yo‘qotishlarsiz davom ettirmoqda. 4 o‘yin 12 ochko. Turnir jadvalida esa 2 pog‘ona. Ayni dam jamoa OCHL 2 musobaqasida ham guruh peshqadami bo‘lib turibdi.
Jamoalarning muhim jihatlari
“Shabab Al Ahli“ klubi qolgan arab jamoalari kabi o‘z o‘yinini asosan legionerlar evaziga quradi. Aynan ular o‘yindagi keskin va hal qiluvchi vaziyatlarni yaratadi va yakunlaydi. Birgina misol, “Shabab Al Ahli“ Qarshiga kelishdan oldin o‘tkazgan so‘nggi o‘yinida ham barcha gollar legionerlar tomonidan kiritilgan. Xususan, Gilerme Da Silva, Yuriy Sezar, Bruno Kaskardo va Federiko Kartabia mehmonlarning goliga mualliflik qilishgan. Shuningdek, mehmonlar tarkibida forslarning mahoratli hujumchisi Sardor Azmun ham to‘p tepadi. “Nasaf“ BAA jamoasidan farqli o‘zbekistonlik futbolchilar bilan ham o‘z o‘yinida keskin vaziyatlarni yuzaga keltira oladi. Ammo jamoaning ko‘plab vaziyatlarida hal qiluvchi qarorlar baribir legionerlar bo‘yniga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, qarshiliklar legionerlar xizmatiga bog‘lanib qolmagan. Klubning ko‘plab o‘yinchilari mamlakat terma jamoasining a’zolari hisoblanishadi.
Guruhdagi vaziyat
“D” guruhida birinchi turdan so‘ng “Shabab Al Ahli” 3 ochko bilan birinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Nasaf” va “Quvayt SK” klublari 1 ochko bilan ikkinchi hamda uchinchi pog‘onadan joy olgan. “Al Husayn” jamoasi ochkosiz so‘nggi o‘rinda bormoqda. Bugun O‘mondagi “Amman International” stadionida “Al Husayn” (Iordaniya) va “Quvayt SK” (Quvayt) klublari bahsi ham bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuv mamlakatimiz vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.
Eslatib o‘tamiz, “Nasaf“ — “Shabab Al Ahli“ o‘yini “Markaziy” stadionida mahalliy vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi.




