Oyoqlardagi doimiy ogʻriqlar qanday kasalliklardan darak beradi?
Kun davomida tanamizning ogʻirligi oyoqlarga tushadi. Natijada ular zoʻriqib, ogʻriydi. Agar bu holat tez-tez va doimiy kuzatilsa, qandaydir kasallik belgisi boʻlishi mumkin. Xoʻsh, ular qanday xastaliklar?
3 daqiqa o‘qiladi

Kun davomida tanamizning ogʻirligi oyoqlarga tushadi. Natijada ular zoʻriqib, ogʻriydi. Agar bu holat tez-tez va doimiy kuzatilsa, qandaydir kasallik belgisi boʻlishi mumkin. Xoʻsh, ular qanday xastaliklar?
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ular haqida batafsil ma'lumot berdi.
Endarteriit
Bu xastalik payti boldirdagi oʻtkir ogʻriq yurganda boshlanadi. Dastlabki 50-70 metr engil oʻtsa-da, undan keyingi yurish jarayoni ogʻriq va uvishish bilan kechadi. Shu sababli bemor dam olib, soʻng qadam bosishga majbur boʻladi.
Mazkur kasallikda, hatto, yotgan holatda ham oyoq kafti va son sohasida ogʻriq bezovta qilishi mumkin. Bunda oyoq pastga osiltirilganda zoʻriqish biroz pasayadi. Ogʻriq juda kuchayganda darhol shifokorga murojaat qilish zarur. Chunki bu yirik arteriya berkilib qolganining belgisi boʻlishi mumkin.
Arteriyalar aterosklerozi
Ushbu xastalikda boldirlarni siquvchi ogʻriq va tirishishlar yurganda, yugurganda, zinadan koʻtarilganda kuchayadi. Oyoq kafti qish va yozda birdek sovuq boʻlib, ogʻriq tunda zoʻrayishi, erkaklarda koʻpincha jinsiy muammolar kuzatilishi mumkin.
Bel-dumgʻaza osteoxondrozi
Kasallik oyoqlardagi sanchuvchi ogʻriqning tinch paytda ham bezovta qilishi bilan boshlanadi. Keskin harakatlar payti va zoʻriqqanda yanada kuchayib, dam olganda ham yoʻqolmaydi. Oyoqning kaftidan to yonboshgacha boʻlgan qismining orqa va yon tomonlari ham ogʻriyotgan boʻlsa, bu boʻyin qismi nervi yalligʻlanishidan dalolat beradi.
Tromboflebit
Ushbu xastalikda boldir mushaklarida puls kabi urib turuvchi ogʻriq kuzatilib, koʻpincha achishishga oʻtib ketadi. Oyoq qizaradi, shishadi, tomirlar boʻylab ogʻriqli boʻrtmalar paydo boʻladi.
Saralash(roja)
Bu kasallikda bemorni tinch holatda ham boldirdagi kuchli ogʻriq bezovta qiladi. Teri qizarib, tana harorati koʻtariladi, qaltiroq bosadi. Mazkur xastalik yuqumli boʻlgani bois, uni infeksionist shifokor davolaydi.
Artroz yoki artrit
Bemor yurganida yoki uzoq vaqt bir joyda turganida boʻgʻimlarda oʻtkir burovchi ogʻriq paydo boʻlishi bilan kechadi. Boʻgʻimlarning shakli oʻzgarib, ular qisirlay boshlaydi. Ob-havo oʻzgarganida ogʻriq yanada kuchayadi. Boʻgʻim sohasi shishadi, qizaradi, qiziydi.
Qandli diabet
Bu xastalikda oyoq tomirlari tortishishi, shish, ogʻriq kuzatiladi. Boldir terisi quruqshab, poʻst tashlaydi va qichishadi. Oyoq koʻpincha uvishib, terida chumoli oʻrmalagandek boʻladi. Bu kasallikka tashxis qoʻyish uchun qand miqdorini aniqlovchi tahlil topshirish kerak.
Osteoporoz
Bemorni boldir sohasida tomir tortishishi va kuchli ogʻriq bezovta qiladi. Muammo asosan 40 yoshdan oshgan ayollarga xos.
Podagra
Bu kasallik tufayli oyoqning bosh barmogʻida oʻtkir, puls kabi urib turuvchi ogʻriq kuzatiladi. Barmoq qizaradi, shishadi, issiqqa juda sezgir boʻlib qoladi.
Mialgiya
Son mushaklarida ogʻriq bilan boshlanib, u jismoniy zoʻriqishlar va nam yoki sovuqda zoʻrayadi.
Varikoz
Bu xastalik tomirlarning kengayishi, yassioyoqlik va tovon pixi kabi kasalliklarda ham oyoq sohasida ogʻriqlar kuzatiladi. Ularni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash uchun oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim.



