To‘y "отмены": O‘zbekistonga kelishi kutilgan san’atkorlar haqidagi ma’lumot yolg‘on bo‘lib chiqdi
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati "Dunyo sadolari” festivaliga tashrif buyuruvchi yulduzlar bo‘yicha tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan munosabat bildirdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekcha segmentida Andijondagi festival va unga keluvchi qo‘shiqchilar mavzusi bilan "portlash" sodir bo‘ldi. Sababi, yaqinlashib kelayotgan "Sounds of the World" festivalida Modern Talking, Eminem, 50 Cent, Usher, Pitbull, Inna, Sean Paul, Tarkan hamda Arash kabi dunyo yulduzlari sahnaga ko‘tarilishi kutilayotgani haqidagi axborot tarqalgandi. Shundan so‘ng, bugun Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Hokimlik munosabati
Unga ko‘ra, Andijonda “Dunyo sadolari” xalqaro estrada san’ati festivali 2024-yilda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Festivalning o‘z doirasi va miqyosiga mos shaklda jahon yulduzlari ishtiroki ham ko‘zda tutiladi. Festival tadbirlariga taklif etilishi mumkin bo‘lgan, gala konsertda uchratish ehtimoli bo‘lgan san’atkorlar haqida matbuot xizmati tomonidan (matnli ro‘yxat emas) videolavha havola etiladi.
Festivalda kimlar chiqish qiladi?
Festivalga ushbu videodagi xonandalardan Inna va Arash taklif etilgan. Shuningdek, yoshlar taklifiga asosan xonanda Joni (Jony) ham festivalda ishtirok etishi ma’lum qilingan. Bundan tashqari, o‘zbek estradasining yulduzlari festivalga tashrif buyurishlari kutilayotgani ham qayd etilgan.
Ma’lumotlar yolg‘on
"Ushbu aytilganlardan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda joylangan xonandalar haqidagi matnli ro‘yxat, kelishuv mablag‘lari, marhum san’atkorlar haqidagi xabarlar hokimlik tomonidan tasdiqlangan yoki hokimlik taqdim etgan ma’lumotlar emas. Bu xabarlar kim tomonidan ishlab chiqilgani va qanday maqsadda havola etilgani hozircha noma’lum", deyiladi matbuot xizmati munosabatida.
Ma’lumot uchun, festival arafasida tadbir bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etilib, unda barcha OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari mumkin bo‘ladi.



