Ro‘za tutish orqali magnit bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish mumkinmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda ovqatlanmaslik, ya’ni ro‘za tutish magnit bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishi haqida xabar tarqaldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda ovqatlanmaslik, ya’ni ro‘za tutish magnit bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishi haqida xabar tarqaldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
Mutaxassis nima deydi?
Biolog olim Baxtiyor Rasulov o‘zining Telegram sahifasida “kuchli” va “o‘rtacha” darajadagi magnit bo‘ronlari faol davrida mazkur ta’sirdan aziyat chekuvchi aholi qatlamiga “ovqatlanmaslik” ya’ni “ro‘za tutish” kerakligini tavsiya qilgan.
Uning fikricha, magnit bo‘roni faollik davrida ro‘za tutish qon bosimini me’yorida bo‘lishini ta’minlab, boshdagi og‘riqlarni yo‘qotadi. Magnit bo‘ronlari cho‘ziladigan bo‘lsa, davomiy ro‘za tutish eng maqbul yo‘l hisoblanadi. Odam tabiiy usulda, eng optimal biologik sharoitda himoyalanadi.
Haqiqatmi yoki mif?
Ushbu fikrlar ilmiy isbotlangan yoki yo‘qligini aniqlashga urinib ko‘rdik. Izlanishlar natijasida bu masala ilmiy jihatdan to‘liq isbotlanmagan degan xulosaga keldik. Magnit bo‘ronlari paytida ba’zi odamlar bosh og‘rig‘i, qon bosimi o‘zgarishi kabi holatlardan aziyat chekishi mumkin. Bu bog‘liqlik ba’zi nevrolog olimlar tomonidan isbotlangan bo‘lsa-da, fanda ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazish zaruriyati bor. Biolog olim bu holatlarda ro‘za tutish orqali organizmni tabiiy holatda barqarorlashtirish mumkin deb hisoblamoqda, chunki oziq-ovqat hazm qilish jarayoni va metabolik jarayonlar tinchlanishi sababli organizm o‘zini yaxshi his qilishi mumkin.
Biroq hozirgi ilmiy adabiyotlarda magnit bo‘ronlari va ro‘za tutishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligi bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotlar mavjud emas. Magnit bo‘ronlari asosan Yerning geomagnit maydonidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning inson salomatligiga ta’siri borasida tadqiqotlar davom etmoqda. Yana ham aniqroq aytganda, izlanishlar magnit bo‘ronlarining yurak-qon tomir tizimiga qisqa muddatli ta’siri borligini ko‘rsatadi, lekin aynan ro‘za tutish yoki ovqatlanmaslik bilan bu holatni kamaytirish mumkinligi ilmiy asosga ega emas.
Umuman, magnit bo‘ronlari kasallik keltirib chiqarishi qanchalik to‘g‘ri?
O‘zbek tilidagi “Factchecknet.uz” nashri keltirgan ma’lumotlarga asosan, ba’zi ekspertlar inson tanasining atmosfera tebranishlariga javob berish qobiliyatini qat’iyan rad etib, rasmiy tibbiy ma’lumotnomalarda bu holat yo‘qligini ta’kidlaydi. Haqiqatan ham, ob-havoga bog‘liqlik kasalliklar xalqaro tasnifiga kiritilmagan.
“Rasmiy tan olinmaganiga qaramay, ko‘plab odamlarning subyektiv tajribasi va ba’zi tadqiqotlar ob-havoga bog‘liqlik haqiqiy hodisa ekanligini ko‘rsatmoqda. Biroq uning namoyon bo‘lishi ko‘pincha oldindan mavjud bo‘lgan sog‘liq muammolari yoki tananing individual xususiyatlari bilan bog‘liq. Haligacha ob-havoga bog‘liqlikning aniq ilmiy tasdig‘i yoki uning rad etilishi bo‘lmagan.
Shuni esda tutish kerakki, ob-havo o‘zgarganda o‘zini yomon his qilish haqida tez-tez shikoyat qilish jiddiy sog‘liq muammolari mavjudligini ko‘rsatishi mumkin. Agar ob-havo sharoiti o‘zgarganda muntazam ravishda noqulaylik his qilsangiz, to‘liq tashxis qo‘yish va kerak bo‘lganda davolanish uchun shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, umumiy holatingizni yaxshilash uchun choralar ko‘rishingiz mumkin. Asosiy tavsiya – umumiy salomatlikni mustahkamlash va tananing moslashuvchan imkoniyatlarini oshirish,” - deyiladi maqolada.



