$
 12191.25
15.72
 14111.37
-40.25
 154.20
-0.88
weather
+26
Кечаси   +14°

Samarqandda fuqaro YPX xodimlari o‘g‘liga elektroshoker qo‘llaganini iddao qilmoqda

UZ24 tahririyatiga Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro B. A. dan (1983-yilda tug‘ilgan) murojaat kelib tushdi. Unda Toyloq tumanida murojaatchining o‘g‘li va yo‘l-patrul xizmati xodimlari o‘rtasida yuz bergan mojaro haqida so‘z boradi.

Avtomobil to‘xtatilishi va ziddiyat

Murojaatda aytilishicha, Moliya universiteti (TDIUning) 1-bosqichida o‘qiydigan 18 yoshli yigit avtomobil boshqarib ketayotgan vaqtda YPX xodimlari tomonidan hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatilgan. Otaning ta’kidlashicha, o‘sha vaqtda yigitning yonida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan. Tekshiruv jarayonida yosh haydovchi va xodimlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Murojaat muallifining iddao qilishicha, voqea joyida bo'lgan fuqarolik kiyimidagi shaxslardan biri avtomobil oynasini sindirgan. Shundan so‘ng, yigitga nisbatan bir necha bor elektroshoker qo‘llangani aytilmoqda.

Tibbiy ko‘rik xulosasi va ota e’tirozi

Ma’lum qilinishicha, hodisadan so‘ng oila tegishli huquq-tartibot idoralariga ariza bilan yuzlangan. Yigit tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo'lib, taqdim etilgan ma’lumotnomada uning umumiy ahvoli qoniqarli ekani va jiddiy jarohatlar olinmagani qayd etilgan. Biroq, oila yigitning oyoqlarida kuyish izlari mavjudligini aytib, buni elektroshoker ta’siri deb hisoblamoqda.

B. A. o‘g‘lining qoidabuzarligini inkor etmagan holda, xodimlarning harakatlaridan noroziligini shunday bayon qilgan:

“Ha, u avtomobilni haydovchilik guvohnomasisiz boshqargan. Lekin holat bo‘yicha oddiy jarima rasmiylashtirish mumkin edi. Mashina yangi, olinganiga atigi bir oy bo‘ldi. Nega oynani sindirish va unga elektroshoker qo‘llash kerak edi?”

Tahririyat izohi: Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida UZ24 tahririyati Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati bilan bog‘lanishga harakat qildi, biroq hozircha aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmadi. Tahririyat vakolatli organlardan ushbu voqea yuzasidan qonuniy baho va rasmiy munosabat kutib qoladi.