Dushanba, 26-oktabr, 2026
Havo 88 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +6° kechasi +6°

“Muna Mug” kompaniyasi direktori: Mendan qoʻrqyapsanmi? Qoʻrq mendan

Sobiq MXX binosi yonida daraxtlarni koʻchirib oʻtkazilayotganini tasvirga olgan fotografning ustiga energetik sepildi.

4 daqiqa o‘qiladi

“Muna Mug” kompaniyasi direktori: Mendan qoʻrqyapsanmi? Qoʻrq mendan

Firma rahbari koʻchirib oʻtqazilgan daraxtlarni suratga olayotgan fotografga “bu yerdan tezroq yoʻqol”, deb uning boshidan gazlangan ichimlikni quyib yuborgan.

Ichimlik sepgan "Muna Mug” kompaniyasi rahbari

Toshkent shahridagi sobiq MXX binosi hududidan daraxtlarni koʻchirgan “Muna Mug” kompaniyasi rahbari Farrux Hakimov boshqa joyga oʻtqazilgan daraxtlarni suratga olayotgan Komil Enakievga tazyiq oʻtkazgan. Bu haqda bloger Nikita Makarenko telegram kanalida xabar berdi.

"Shunchalik aqllimisan?"

Makarenkoning blogiga joylashtirilgan videoda Komil Enakievning oʻzi hodisa tafsilotlarini hikoya qilib bergan. Tasvirlardada fotograf sobiq MXX binosi hududidan koʻchirilgan daraxtlarni suratga olayotganda noma'lum shaxs kelib uning turgan joyi xususiy mulk ekanini aytgan va “nega atrofni videoga olyapsan?”deb soʻragan.

Fotografdan “Men oʻz mulkim boʻlgan mashinam ichida oʻtiribman va xohlagan joyimni videoga olaman”, degan javobni eshitgan shaxs unga “Shunchalik aqllimisan? Mendan qoʻrqib ketdingmi? Qoʻrq mendan. Tez buyoqdan ket”, deydi. Soʻng qoʻlidagi gazlangan ichimlikni fotografning boshidan quyadi.

Nomaʼlum kishining shaxsi aniq boʻldi

Keyinchalik fotografga tazyiq oʻtkazgan shaxs sobiq MXX majmui hududidagi eman daraxtlarini qayta ekish jarayoniga masʼul boʻlgan “Muna Mug” kompaniyasi direktori va asoschisi Farrux Hakimov ekani ma'lum boʻldi.

Ustiga yashil mato oʻralgan daraxtlar

Ma'lumot uchun, 22-may kuni Toshkent shahri markazidagi Sayilgoh koʻchasidan ustiga yashil mato yopib olib chiqib ketilayotgan daraxtlar videosi tarqaldi. Aniqlanishicha, daraxtlar sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi hududidan olinib, Toshkent viloyatining Qibray tumani Mirzo Ulugʻbek shaharchasidagi anhor boʻyiga koʻchirib oʻtqazilgan.

Ekologiya vazirligi oʻrganish boshladi

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv boʻlgach, Ekologiya partiyasi Bosh prokuratura va atrof-muhitni muhofaza qilishga mas'ul davlat tashkilotlaridan zudlik bilan holatga chora koʻrishni soʻradi. Shundan keyin Ekologiya vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi oʻrganish boshlaganini ma'lum qildi.

Daraxtlarni koʻchirishga ruhsatnoma berilishi belgilanmagan

Olib borilgan surishtiruvlarda shahar Ekologiya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Tursunpoʻlat Egamov Metropol Group yanvar oyida daraxtlarni kesish uchun boshqarmaga xat joʻnatganini, lekin vazirlik buni rad etganini ma'lum qildi.


Shuningdek, u qonunchilikda daraxtni koʻchirishga ruxsatnoma berilishi belgilanmaganini ham qoʻshimcha qildi. “Koʻchirishga ruxsat berish tartibi yoʻq. Faqat Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga asosan koʻchirish tartibi berilgan. Biz daraxtlarni koʻchirishga ruxsatnoma bera olmaymiz. 3 kun oldin xat asosida xabar beriladi. Koʻchirishga biz tomonimizdan inspektor ajratilishi kerak. 2,5 oydan beri hech nimadan xabarsiz edik”, – degan mas'ul.

Farrux Hakimov daraxtlarni koʻchirishga ruxsat olinganini aytgan

Surishtiruv davomida daraxtlarni koʻchirib oʻtqazish bilan shugʻullangan “Muna Mug” kompaniyasi rahbari Farrux Hakimov daraxtlarni koʻchirishga ruxsat olinganini aytgan, lekin ruxsatnomani tahririyatga koʻrsatmagan.

Daraxt koʻchirish 2 yarim oy oldin boshlangan

Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlarni ko‘chirish ishlari 2,5 oy oldin boshlangan. 30-70 yoshli 26 ta eman daraxtini ko‘chirish ishlari davom etmoqda.

“Ko‘chirib o‘tkazilgan bitta daraxtning vazni 55-60 tonnani tashkil qiladi. Tashish uchun 32 metrli trol talab qilinadi. Daraxt tanasini iloji boricha saqlab qolish uchun biz shunchalik uzoq trol qildik. Bitta daraxtni ko‘chirib o‘tkazish uchun 12 soat vaqt ketadi”, — dedi Hakimov.

Daraxtlar qurib qolmasligiga 100 % kafolat berildi

Tadbirkor “daraxtlar qurib ketmasligiga 100 foiz kafolat” berishiga ishontirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, daraxt qurib qolmasligi uchun ildizlarini 80 foizdan ortig‘ini qoplagan holda uni qazib olishga muvaffaq bo‘lishgan. Hakimov kesilgan novdalar ikki yildan keyin avvalgi holatiga qaytishini aytdi.

Daraxtlar qurib qolsa har biri uchun 1 milliard soʻmdan jarima

Ekologiya vazirligi vakili Tursunpo‘lat Egamov daraxt taqdiriga daraxtlarni olib tashlashga buyruq bergan kompaniya ham, ko‘chirilgan kompaniya ham javobgar ekanligini aytdi.

“Tadbirkor bilan birlashish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzamiz. Agar bu daraxtlar uch yil ichida qurib qolsa, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqiladi va jarima solinadi. Bu daraxtlar ko‘p bo‘lgani uchun Jinoyat kodeksining 198-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin. Har bir daraxt uchun 1 milliard so‘mdan ortiq jarima belgilanishi mumkin”, — dedi Egamov.

Radisson Collection Hotel Tashkent premium mehmonxonasi

Eslatib oʻtamiz, Sobiq MXX binosi avvalroq Metropol Group kompaniyasi tomonidan 210 milliard dollarga xususiylashtirib olingan va oʻrnida 22 qavatli mehmonxona qurilishi e'lon qilingan. 2023-yil mart oyida Metropol Group kompaniyasi Radisson Hotel Group bilan Radisson Collection Hotel Tashkent premium mehmonxonasini ochish bo‘yicha shartnoma imzolagan esi. Loyiha qiymati 100 million dollarga baholangan.