$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘lim darajasi 50 foizgacha yetdi: JSST xavotirli raqamlarni e’lon qildi

ebola

Afrikadagi Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan bog‘liq vaziyat tobora jiddiylashmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi epidemiya oqibatida kasallanganlarning 30-50 foizi hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Tashkilot rahbari Tedros Adanom Gebreyesus vaziyatni joyida o‘rganish uchun Kongoga bordi va qurolli guruhlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Xo‘sh, Ebola bilan bog‘liq vaziyat qanchalik xavfli?

Ebola qurbonlari soni ortib bormoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 15-may kuni epidemiya rasman e’lon qilinganidan buyon Kongoda 10 ta tasdiqlangan va 223 ta gumon qilinayotgan Ebola bilan bog‘liq o‘lim holati qayd etilgan. Umumiy hisobda esa 1 000 dan ortiq tasdiqlangan va gumon qilinayotgan bemor aniqlangan.

JSST mutaxassisi Anais Legandning aytishicha, tasdiqlangan holatlar orasida o‘lim darajasi 30-50 foizni tashkil etmoqda. Bu esa har 10 bemordan 5 nafari vafot etishi mumkinligini anglatadi. Shu bilan birga, 27-may kuni ikki marta manfiy test topshirgan bir bemor shifoxonadan sog‘ayib chiqqani ham ma’lum qilindi. Bu epidemiya boshlanganidan buyon qayd etilgan ilk sog‘ayish holati bo‘ldi.

Mojaro kasallikka qarshi kurashni qiyinlashtirmoqda

Epidemiya mamlakatning Ituri viloyatida kuzatilmoqda. Bu hudud foydali qazilmalarga boy bo‘lib, yillar davomida turli qurolli guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar markazida qolmoqda. Tedros Adanom Gebreyesus barcha tomonlarni sulh tuzishga chaqirib, hech qanday mojaro odamlarning oldini olish mumkin bo‘lgan kasallikdan o‘lishiga sabab bo‘la olmasligini ta’kidladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvaridan beri Sharqiy Kongodan 245 mingdan ortiq odam qo‘shni davlatlarga qochib ketgan. Hududda Ruanda qo‘llab-quvvatlayotgan M23 guruhi ham faol harakat qilmoqda. JSST esa virus aslida ancha oldin tarqala boshlagan bo‘lishi mumkinligini, shuning uchun haqiqiy ko‘rsatkichlar bundan ham yuqori bo‘lish ehtimoli borligini bildirdi.

Vaksina hali yo‘q, ammo sinovlar boshlanishi mumkin

Hozirgi epidemiya Bundibugyo shtammi sabab yuzaga kelgan bo‘lib, unga qarshi tasdiqlangan davolash usuli hali mavjud emas. Shunga qaramay, JSST ekspertlari vaksina va davolash usullarini klinik sinovdan o‘tkazishni tavsiya qilgan.

Afrika Ittifoqining sog‘liqni saqlash agentligi rahbari Jan Kaseyaning aytishicha, yangi vaksina yil oxirigacha tayyor bo‘lishi mumkin. Ebola dastlab isitma, holsizlik, mushak og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i va tomoq og‘rishi bilan boshlanadi. Keyinchalik qusish, ich ketishi, qorin og‘rig‘i, toshmalar hamda jigar va buyrak faoliyatining buzilishiga olib kelishi mumkin. Virus kasallangan odamning qoni yoki tana suyuqliklari bilan bevosita aloqa orqali yuqadi.

Qo‘shni davlatlar ham xavotirda

Qo‘shni Uganda bir kishi Ebola sabab vafot etgani va yana sakkizta holat aniqlangani ortidan Kongo bilan chegarani yopishini e’lon qildi. Biroq JSST chegaralarni yopish noqonuniy o‘tishlarni ko‘paytirib, kasallikni nazorat qilishni yanada qiyinlashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Keniyada esa AQSh fuqarolari uchun Ebola karantin markazi tashkil etish rejasi sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi. Huquq faollari bu tashabbus mamlakat sog‘liqni saqlash tizimiga ortiqcha yuk bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. AQSh esa Ebola tarqalishining oldini olish uchun Keniyaga 13,5 million dollar ajratishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, epidemiya bilan kurash bo‘yicha mintaqaviy dasturlar uchun allaqachon 112 million dollar va’da qilingan.

So‘nggi 50 yil ichida Ebola Afrikada 15 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Kongodagi eng yirik epidemiya esa 2018–2020-yillarda yuz berib, qariyb 2 300 kishining umriga zomin bo‘lgandi. Hozir JSST Bunia shahriga 4,6 tonna yordam yetkazgan bo‘lsa, UNICEF yana 100 tonna yordam yuborishga tayyorlanmoqda.

Теги :
Jamiyat