Trampning iqtidorga qaytishi fonida AQSh dollari qadrsizlanmoqda
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Trampning proteksionistik siyosati, jumladan, yangi savdo tariflarini joriy etish va import bojlarini oshirish dasturlari xalqaro investorlarda xavotirlarni yuzaga keltiryapti.
2 daqiqa o‘qiladi

WallStreetJournal nashri AQSh dollarining turli xorijiy valyutalarga nisbatan qadrini o‘lchaydigan ko‘rsatkichni e’lon qildi. Unga ko‘ra indeks 0.85% ga tushib, 98.93 ga yetgan. Bu dollarning boshqa valyutalarga nisbatan qadrsizlanganini anglatadi. Bu tushish 23-avgustdan beri eng katta foizli pasayish hisoblanib, dollarning qadrsizlanish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.
Global bozorlarga ta’siri
Qadrsizlangan dollar turli iqtisodiy ta’sirlarga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, AQSh eksportlarini raqobatbardoshroq qiladi (chunki ular xorijiy xaridorlar uchun arzonroq bo‘ladi), shuningdek, import mahsulotlarini Amerika iste’molchilari uchun qimmatlashtiradi. Bu inflyatsiya, investitsiya oqimlari va dollarda belgilangan aktivlar bahosiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Dollar indeksining bunday o‘zgarishi foiz stavkalari yoki geosiyosiy voqealar kabi omillarga bog‘liq bo‘ladi.
Rivojlanayotgan bozorlarga ta’siri
Dollarning qadrsizlanishi rivojlanayotgan bozorlarga ham ta’sir qiladi. Odatda, mamlakatlar o‘z qarzlarini AQSh dollarida olishadi, shuning uchun dollar kursining tushishi ularga qarzlarini qisman yengillashtiradi. Biroq global bozorlarda dollar kursining pasayishi rivojlanayotgan mamlakatlarda inflyatsiya darajasini oshirishi mumkin.
Dollarning qadrsizlanishi investorlarni boshqa valyutalardagi aktivlarga e’tibor qaratishga undaydi, chunki dollar aktivlari nisbatan qimmatlashib, ulardan keladigan daromad kamayishi mumkin. Natijada, global investitsiyalar oqimi boshqa bozorlarga yo‘naltirilishi, bu esa turli mamlakatlar valyutalariga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Nega AQSh dollari qadrsizlanmoqda?
Gap shundaki, AQSh valyutasi qadrsizlanayotganini Trampning iqtidorga kelishi bilan bog‘lash mumkin. Tramp noqonuniy immigratsiyaga qarshi chora-tadbirlar kiritish, yangi savdo tariflarini joriy etish, soliq imtiyozlarini saqlab qolish yoki yangilarini joriy etish, shuningdek, biznes reglamentlarini yengillashtirishni rejalashtirmoqda. Reutersga ko‘ra, bu o‘sish va inflyatsiyani oshirishini kutishmoqda.
Trampning prezidentlikka qaytishi va uning o‘zgacha iqtisodiy yondashuvi, xususan, proteksionistik (himoyachi) siyosatni olib borishi va ayrim import tariflarini oshirish ehtimoli dollar pozitsiyalariga ta’sir qildi. Bu tariflar AQSh iqtisodiyotini himoya qilishga qaratilgan bo‘lsa ham, xalqaro savdo oqimlariga cheklov qo‘yishi mumkinligi sababli, global investorlarda AQSh iqtisodiy o‘sishining ta’siri borasida xavotirlarni yuzaga keltiradi.



