$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqildi

Qonunchilik palatasi

31-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” loyihasi ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Hujjat haqida batafsil ma’lumot

Ushbu konsepsiyani ishlab chiqqan tashabbuskor deputatlar guruhining rahbari, deputat Jahongir Shirinov hujjat haqida batafsil ma’lumot berdi. Shirinovga ko‘ra, ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etish, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, fuqarolik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish, ijtimoiy axloq normalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan, tovar-xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklash, ayrim davlat xizmatchilarning dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi hamda jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi g‘oya va qarashlar tarqalishi holatlari uchramoqda.

Bunday holatlar yagona O‘zbekiston xalqi, jamiyat va davlat hamjihatligiga xatar bo‘lib, qonun hujjatlariga rioya etilmasligiga, boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga, fuqarolarning huquqiy tartibotga munosabati salbiy tomonga o‘zgarishiga, vatanparvarlik tuyg‘ulari yemirilishiga hamda oilaviy nizolarga olib kelishi mumkin. Diniy sohada davlat siyosatining aniq ko‘rsatilmasligi uni aholi o‘rtasida turlicha tushunilishiga, dunyoviy davlat asoslarining buzib talqin qilinishiga, jamiyatda ziddiyatli vaziyatlar kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ilm-fan va texnologik yutuqlar bilan hisoblashmaslik, uning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga e’tiborsizlik, zamon bilan hamqadam bo‘lmaslik – mamlakatning global raqobat maydonidagi munosib o‘rin egallash yo‘lini murakkablashtiradi”, — deydi Jahongir Shirinov.

Qonun bilan tasdiqlash nazarda tutilgan mazkur Konsepsiya loyihasi 7 ta bob, 41 ta banddan iborat. Konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi va unga xizmat qiluvchi 10 ta vazifa belgilab berilmoqda. Hujjatga ko‘ra, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.

Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari

Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari quyidagilar:

  • fuqarolarning qonun oldida tengligini ta’minlash va kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ko‘p millatli va konfessiyali xalqning urf-odatlariga hurmat ruhini mustahkamlash;
  • fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtiroki uchun teng huquqiy sharoitlar yaratish;
  • diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda vijdon erkinligini amalga oshirishga sharoitlar yaratish;
  • davlatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda konstitutsiyaga muvofiq dunyoviylikka tayanish;
  • davlat xizmati va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida hamda ijtimoiy munosabatlarni dunyoviylik asosida tartibga solish;
  • diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash;
  • davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatida biror dinga ustunlik berishi yoki kamsitishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • jahon ilm-fani va madaniyatining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish;
  • radikallashuvga qarshi kurash, ekstrimizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishga yo‘l qo‘ymaslik.

Diniy sohadagi davlat siyosati 6 ta prinsipga bo‘linadi, bular – qonuniylik, vijdon erkinligi, dinning davlatdan ajratilganligi, tenglik, erkin fikrlash, dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish.

3 ta ustuvor yo‘nalish

Diniy sohadagi davlat siyosatining 3 ta ustuvor yo‘nalishi va uni amalga oshirish mexanizmlari ham belgilanmoqda.

Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini izchil ro‘yobga chiqarish, jamiyatda konfessiyalararo munosabatlarni yanada mustahkamlash. Ushbu yo‘nalishda vijdon erkinligi kafolatini ta’minlash, diniy tashkilotlar bilan hamkorlikni vakolatli davlat organi orqali muvofiqlashtirish, diniy rasm-rusumlarni xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha davlat organlari bilan hamkorlikni ta’minlash, sohada yuqori malakali xodimlarni tayyorlashga ko‘maklashish va diniy ta’lim muassasalarida qonunchilik hujjatlari o‘qitilishi uchun sharoit yaratish, fuqarolar xabardorligini oshirish kabilarni o‘z ichiga oladi

Dinlarning ilmiy-madaniy merosini o‘rganish, dinshunoslik va diniy sohadagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Bu yo‘nalishda dinshunoslik bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, diniy sohadagi ilmiy-ma’rifiy tadbirlarini tashkil etish, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ilmiy tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, aholining diniy-ijtimoiy jarayonlariga munosabati bo‘yicha sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish kabi faoliyatlar amalga oshiriladi.

Fuqarolarning vijdon erkinligiga va jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi omillarga qarshi kurashishga qaratilgan. Ushbu yo‘nalishda diniy radikallashuvga yo‘l qo‘ymaslik, radikal diniy oqimlar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, dinning jamiyat va davlat hayotidagi muhim o‘rnini ochib berish yo‘nalishida media sohasi vakillari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, axborot makonida dindan qonunga xilof ravishda va siyosiy maqsadlarda foydalanish holatlarini oldini olish, vijdon erkinligi sohasida qonunchilikni buzish holatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish, milliy va diniy adovat g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallar tarqatishni cheklash, diniy taassublar ta’sirida sodir etiladigan jinoyatlarni barvaqt oldini olish kabi masalalar ko‘zda tutilgan.

Deputat Jahongir Shirinovga ko‘ra, konsepsiyani ishlab chiqishda huquqshunoslar, tarixchilar, siyosatshunoslar, filologlar, faylasuf va dinshunoslar qatnashgan. Shuningdek, qator xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgani, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimizda ham shunday konsepsiyalar borligi qayd etildi.


Теги :
Jamiyat