AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiya: Qo‘shma Shtatlarni kimlar tark etadi?
AQSH prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan Donald Tramp ommaviy deportatsiya haqidagi saylov oldi va’dasini bajarmoqchi.
2 daqiqa o‘qiladi

AQSH prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan Donald Tramp ommaviy deportatsiya haqidagi saylov oldi va’dasini bajarmoqchi. Bu haqda u 7 noyabr kuni NBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Deportatsiyani amalga oshirishdan boshqa iloj yo‘q — Tramp
Yangi saylangan prezident Donald Tramp NBC News telekanaliga payshanba kuni bergan intervyusida yanvar oyida lavozimga kirishganidan so‘ng uning birinchi ustuvor vazifalaridan biri chegarani “mustahkam va qudratli” qilish bo‘lishini ma’lum qildi. Ommaviy deportatsiyalar haqidagi saylovoldi va’dasi xususida so‘ralganda, Tramp ularni amalga oshirishdan boshqa iloji yo‘qligini ta’kidladi.
Asosiy e’tibor jinoyatchilarga
Shuningdek, u asosiy e’tiborini og‘ir jinoyatlar va giyohvandlikka aloqador jinoyatlar sodir etgan shaxslarni chiqarib yuborishga qaratishini bildirdi va AQSH tarixidagi eng katta deportatsiya chorasini amalga oshirish rejalarini ma’lum qildi.
“Odam o‘ldirganlar, jinoyat qilganlar, mamlakatlarni vayron qilgan giyohvandlar – endi ular o‘z davlatlariga qaytadi. Ular bu yerda qolmaydi”, dedi u.
AQSHni uchinchi dunyo davlatiga aylantirgan Jo Bayden
Ma’lumot o‘rnida, Tramp uchun migratsiya siyosatini qat’iylashtirish saylovoldi kampaniyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan. U bir necha bor amaldagi AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining haddan tashqari yumshoq siyosati AQSHni uchinchi dunyo davlatiga aylantirib qo‘yganini ta’kidlagan. Tramp o‘z nutqlarida muxojirlarga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rish va amaldagi migratsiya dasturlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati haqida gapirgan.



