JSST denge kasalligiga qarshi yangi vaksinani kvalifikatsiya qildi
Har yili dunyoda 100-400 milliondan ortiq insonlar denge kasalligi bilan xastalanishadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon sog’liqni saqlash vazirligi denge kasalligini davolovchi ikkinchi vaksinani ishlab chiqdi. Ushbu vaksina 2 dozadan iborat bo‘lib, oradagi uch oylik interval bilan emlanadi.
“TAK-003” vaksinasi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, denge kasalligiga qarshi “TAK-003” nomli yangi vaksinaning dastlabki kvalifikatsiyasini amalga oshirdi va bu JSST tomonidan ushbu xastalik uchun prekvalifikatsiya qilingan ikkinchi vaksina bo‘ldi. “Takeda” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu vosita denge kasalligini keltirib chiqaradigan virusning to‘rtta serotipining zaiflashtirilgan versiyalarini o‘z ichiga olgan jonli attenuiratsiya qilingan (zaiflashtirilgan) vaksinadir.
Vaksinalar uch oylik interval bilan emlanadi
JSST “TAK-003”dan 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kasallik yuki va tarqalish tezligi yuqori bo‘lganida foydalanishni tavsiya qiladi. Vaksina ikki dozali sxemada, dozalar orasidagi uch oylik interval bilan emlanadi.
Vaksinani BMT, YuNICEF va Panamerika SST ham sotib olishi mumkin
JSSTning tartibga solish va prekvalifikatsiya departamenti direktori Rojerio Gaspar “TAK-003”ning prekvalifikatsiyasi denge kasalligiga qarshi vaksinalarni olish imkonini global ravishda kengaytirishda muhim qadamligini ta’kidladi. Bunga sabab esa ularni BMT tizimi muassasalari, YuNICEF va Panamerika sogʻliqni saqlash tashkiloti ham sotib oladi.
“Hozirgi kunga qadar dengega qarshi faqat ikkita vaksina prekvalifikatsiya jarayonidan o‘tdi va biz ko‘proq vaksina ishlab chiquvchilari o‘z mahsulotlarini baholash uchun yuborishlarini kutmoqdamiz. Shunda emlanishga muhtoj bo‘lgan har bir kishiga vaksina yetkazib berilishini ta'minlashimiz mumkin” – dedi Gaspar.
JSST tomonidan prekvalifikatsiyadan o‘tgan tibbiy mahsulotlar ro‘yxatiga “Sanofi Pasteur” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan CYD-TDV dengega qarshi vaksina ham kiradi.
Denge qanday kasallik?
Denge — infeksiyalangan chivin chaqishi orqali yuqadigan transmissiv kasallik. Bu xastalikning ogʻir shakli kasalxonada davolanishni talab qiladi va hatto o‘lim holatiga olib kelishi mumkin.
Dunyoda har yili 100-4000 million kasallanish holatlari
JSSTga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab denge bilan 100-400 milliondan ortiq kasallanish holatlari ro‘yxatga olinadi. Denge bo‘yicha endemik mamlakatlarda esa 3,8 milliard nafar odam yashaydi, ularning aksariyati Osiyo, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerikada.
Eng ko‘p kasallanish 2023-yilda
Denge bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 2023-yilda kuzatilgan bo‘lib, JSST tomonidan Amerika mintaqasida 4,5 million kasallanish va 2 300 o‘lim holati qayd etilgan. Iqlim o‘zgarishi va urbanizatsiya tufayli denge bilan xastalanganlar soni ortishi va kengroq geografik hududga tarqalishi mumkin.



