Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 95 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +16° kechasi +9°

The Economist: "Demografik qish" yaqinlashmoqda

BMT ma'lumotlariga koʻra, oxirgi 4 yilda tugʻilish indeksi 4 foizdan ortiqqa kamaygan. Demak, deyarli har yili tugʻilish 1 foizga pasaymoqda.

3 daqiqa o‘qiladi

The Economist: "Demografik qish" yaqinlashmoqda

2024-yil hisob-kitoblariga koʻra, dunyo boʻylab jami tugʻilishlar soni 2023-yil bilan taqqoslaganda 0.94 foiz kam boʻldi. "The Economist" nashrining yozishicha, davlatlar oʻz aholisini koʻproq farzand koʻrishga undashi lozim.

Siyosatchilar tugʻilishni moliyaviy tomondan ragʻbatlantirishi lozim

Bugun jahonda tugʻilish darajasining kamayishi borgan sari jiddiy ijtimoiy va demografik muammoga aylanmoqda. Endi siyosatchilar ayollarning tugʻishiga byudjetdan pul ajratishi kerak. Ya'ni vaziyat tugʻilishni ragʻbatlantirishga undayapti. 

Umuman olganda, tugʻilishni ragʻbatlantirishni ham investisiya deyish mumkin. Chunki shu tugʻilgan bolalar jamiyatni tashkil qiladi va kun kelib soliq toʻlovchiga aylanadi. Xoʻsh, siyosatchilar oldida qanday vazifalar turibdi? Birinchi navbatda hukumatlar qanday boʻlmasin tugʻilishni oshirish uchun pul tikishlari kerak. Dunyo iqtisodiyoti ham yildan yilga kamaygan tugʻilishlar miqdoriga moslashishiga toʻgʻri keladi. Chunki iqtisodiyot ijtimoiy oʻzgarishlar bilan hisoblashishi darkor. 

Asosiy muammo demokratik va farovon davlatlarda

Nashrda keltirilishicha, professional va hayotda oʻz oʻrnini topgan ayollarning farzand koʻrishni istamasligi yoki bitta farzand bilan kifoyalanishi – tugʻilish koʻrsatkichlarining kamayishiga asosiy sabablardan biri. 

"The Economist" ma'lumotiga koʻra, asosiy muammo bugun demokratik va farovon davlatlarda. Ayni shu sinfga kiruvchi mamlakatlar aholisining katta qismi bola koʻrishni istamaydi. Lekin masalaning ular oʻylamagan tomoni bor: bora-bora bunday davlatlar fuqarolari keksalikda ham ishlashiga toʻgʻri keladi, chunki ularning boquvchisi boʻlmaydi. Bu esa katta muammoga aylanishi ham mumkin. 

Dunyodagi eng koʻp tugʻilish Niger, Chad va Kongo davlatlarida

Aholisi shiddat bilan koʻpayayotgan davlatlarning aksariyati Afrika qit'asida joylashgan . Ular kambagʻal va rivojlanmagan yoki rivojlanayotgan davlatlardir. Masalan, dunyodagi eng koʻp tugʻilish Niger, Chad va Kongo davlatlarida. Tugʻilish koʻrsatkichi boʻyicha Markaziy Osiyodan Tojikiston yetakchilik qilmoqda. Oʻzbekiston esa xalqaro tashkilotlarning roʻyxatlarida 64-70-oʻrinlar oraligʻida. Mintaqa boʻyicha eng kam tugʻilishlar soni Turkmanistonda qayd etilmoqda. 

Eng kam tugʻilish Ukrainada qayd etilgan

Markaziy Osiyoning qoʻshnisi Afgʻoniston esa roʻyxatning boshida, beshta respublikadan ham oldin – 15-oʻrinda qayd etilgan. Dunyo boʻyicha eng kam tugʻilishlar esa Ukrainada ekani ma'lum boʻlgan. Bundan tashqari, Yaponiya, Janubiy Koreya va Ispaniyada ham vaziyat jiddiy. Koʻplab odamlarda farzand koʻrishga boʻlgan intilish qolmagan. 

Oʻzbekistonda oʻlimlar soni oshib, tugʻilishlar soni kamaygan

 Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda aholi soni barqaror oshib borayotgandi. Lekin 2024-yilning 1-choragida tugʻilgan chaqaloqlar soni 205 713 nafarni tashkil etgan, bu – 2023-yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga kam. Mamlakatda oʻlim holatlari koʻpaygan: 2024-yil boshidan buyon bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 3,1 foizga oshib, 40 197 nafarni tashkil etgan. Aholining tabiiy oʻsishi ham 6 foizga kamaygani qayd etilgan.