Husanovdan Evragacha: APLdagi debyutda omadsizlik faqat Husanovdami?
Debyut o‘yinlar odatda omadli boshlanmaydi. Jamoaga moslashish va klub safiga qo‘shilishi bilanoq maydonga tushish esa hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Ayniqsa, u Angliya Premer-ligasi bo‘lsa, bu ikki karra bosimdir. Xo‘sh, APL tarixida debyut o‘yinlarida kimlar omadsizlikka uchragan?
3 daqiqa o‘qiladi

Debyut o‘yinlar odatda omadli boshlanmaydi. Jamoaga moslashish va klub safiga qo‘shilishi bilanoq maydonga tushish esa hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Ayniqsa, u Anliya Premer-ligasi bo‘lsa, bu ikki karra bosimdir. Xo‘sh, APL tarixida debyut o‘yinlarida kimlar omadsizlikka uchragan?
Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”dagi debyut oʻyinining dastlabki besh daqiqasida shunday holat roʻy berdi.
Angliyaning nufuzli manbalaridan business-standard.com sayti Abduqodir Husanovning vaziyatidan kelib chiqib, Premer-ligadagi debyutini ogʻir oʻtkazgan futbolchilar haqida ma’lumot tarqatdi.
Abduqodir Husanov — “Manchester Siti” (2025-yil)
“Manchester Siti” 20 yoshli oʻzbek futbolchisi uchun qariyb 41 million yevro badal puli toʻladi. Transferdan atigi besh kun oʻtib, Abduqodir Husanov Premer-liga doirasida “Chelsi”ga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvning boshlangʻich tarkibidan joy oldi.
Uning debyuti dahshatli boshlandi. Dastlabki besh daqiqa ichida yosh himoyachi golga sababchi boʻldi. Koul Palmerga nisbatan qoʻpol oʻynagani uchun hakam tomonidan sariq kartochka olganida vaziyat yanada ogʻirlashdi. Premer-liga oʻzbek futbolchisini ana shunday qaltis kutib oldi.
Joau Feliks — “Chelsi” (2023-yil)
Portugaliyalik Joau Feliksning “Chelsi”dagi debyuti “Fulxem”ga qarshi oʻyinga duch keldi va mojaro bilan boshlandi.
“Atletiko Madrid”dan ijaraga olingan 23 yoshli hujumchi oʻyin boshida juda yaxshi oʻynab, ijobiy taassurot qoldirdi. Lekin uchrashuv davomida raqib futbolchisi Kenni Tetega qarshi ishlatgan foli tufayli Joau maydondan haydaldi. Tartib-intizom qoʻmitasi Joau Feliksni keyingi uchta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilgani uning hayotidan bir umrga oʻchmaydi.
Saul Niges — “Chelsi” (2021-yil)
“Atletiko Madrid”dan ijaraga olingan Saul Negisning Angliyadagi faoliyati ham rasvo boshlangan. Debyut uchrashuvida “Aston Villa”ga qarshi maydonga tushgan yarim himoyachi juda koʻp xatolarga yoʻl qoʻyadi. Uning toʻp uzatishlari manzilga etib bormaydi. Negisning oʻyiniga chidolmagan bosh murabbiy Tomas Tuxel uni tanaffusdayoq almashtirib yuboradi. Muxlislar ispan futbolchisini haqorat qilishgani esa, yomon xotira sifatida qoldi.
Patris Evra — “Manchester Yunayted” (2006-yil)
“Manchester Yunayted”ning yulduzi darajasiga koʻtarilgan frantsiyalik himoyachining debyuti omadsiz boʻlgan. “Manchester Siti” bilan derbida raqibga hech qanday qarshilik koʻrsata olmagan Evra Angliya futboli shiddatiga tayyor emasligi koʻrinib qolgan. Patrisning oʻzi oʻyindan oldin hayajondan koʻngli ayniganini tan olgan. Keyinchalik u Premer-ligaga tez moslashib ketdi.
Jervino — “Arsenal” (2011-yil)
“Arsenal”dagi debyutini “Nyukasl”ga qarshi oʻtkazgan Jervino debyut uchrashuvidayoq maydondan haydalgan. Ivuarlik hujumchi oʻsha oʻyinda raqib yarim himoyachisi Joye Barton bilan janjallashib qolgan edi. Jervino Bartonning “artistligiga” uchgani va qoʻlini koʻtargani uchun qizil kartochka olgani oʻsha uchrashuvni unutishga yoʻl bermaydi.
Tyago Silva — “Chelsi” (2020-yil)
Braziliya terma jamoasi va PSJda katta tajriba toʻplagan Silvaning Angliya Premer-ligasidagi debyuti ham bir tekis oʻtmagan. “Chelsi” himoyasini boshqarishga kirishgan Tyago Silva “Vest Bromvich”ga qarshi hech narsa qila olmadi va jamoasi birinchi boʻlimning oʻzida uchta toʻp oʻtkazib yubordi.
Angliya Premer ligasidagi debyutini ogʻir oʻtkazgan futbolchilarning bari jahon futbolida oʻz oʻrniga ega oʻyinchilar darajasiga koʻtarilgan. Ingliz futbolining shiddatiga moslashish oson emas. Bu bosimni engib oʻtadigan charm toʻp ustalari, albatta, oʻz nomini futbol tarixiga yozib qoʻyadi.



