IIBB dan yana bir kishining oʻligi chiqdi
Toshkent viloyatida IIB binosiga olib ketilgan aka-ukalardan biri vafot etdi. Ular sud zalida janjal koʻtargan.
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati IIBB Bekobod shahrida ichki ishlar idorasiga olib ketilgan fuqarolardan biri vafot etgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Voqeaga sabab
Qayd etilishicha, Bekobod shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “e, k, l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Y. ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun yuborilgan.
Akalar janjal koʻtargan
19-iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida, ayblanuvchi X.Y.ning akalari 43 yoshli D.Y. va 46 yoshli D.Y. ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘tarishgani oqibatida jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan.
Fuqaro hushini yoʻqotgan
Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan. IIB binosiga kirish yo‘lagida, fuqaro D.Y. sog‘ligi yomonlashib hushini yo‘qotgan.
Shahar shifoxonasiga olib borilgan
Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borganlar. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Y. vafot etgani aniqlangan.
Hozirda fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surushtiruv ishlari olib borilmoqda. STE xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi.



