$
 12920.16
-13.0
 14681.18
-38.05
 158.61
0.33
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Oʻzbekistondagi 8 ta ko‘p asrlik daraxtlar xalqaro ro‘yxatga kiritildi

chor chinor

Oʻzbekiston hududidagi ko‘p asrlik va relikt daraxtlar haqidagi maʼlumotlar MonumentalTrees.com xalqaro ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu jarayonda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari ham ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

MonumentalTrees.com xalqaro platformasi

MonumentalTrees.com – bu xalqaro platforma bo‘lib, dunyo bo‘ylab eng ulug‘vor va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan daraxtlarning ro‘yxatini yaratish va ularga oid ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida tashkil etilgan. Ushbu saytning asosiy maqsadi noyob va qadimiy daraxtlar to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish, ularni himoya qilish va saqlab qolishga yordam berishdir. Shuningdek, MonumentalTrees.com milliy tabiiy meros obyektlarini jahon jamoatchiligiga keng tanitishda va milliy turizm salohiyatini rivojlantirishda ham muhim rol o‘ynaydi.

Bu platformada foydalanuvchilar turli mamlakatlardan bo‘lgan ajoyib daraxtlarni ko‘rish, ular haqida ma’lumotlarmi bilish, shuningdek, o‘zlari aniqlagan monumental daraxtlarni ro‘yxatga kiritish imkoniyatiga ega. Sayt ko‘plab davlatlardagi eng baland, eng qalin tanali, yoki tarixiy voqealarga boy daraxtlar haqida ma’lumot beradi.

MonumentalTrees.com ning asosiy xususiyatlari:

1. Daraxtlar to‘g‘risida ma’lumotlar — Har bir daraxtning joylashuvi, o‘lchami, yoshi va boshqa muhim ma’lumotlar beriladi.

2. Foydalanuvchi hissasi — Saytdagi ma’lumotlarni foydalanuvchilar o‘zlari yangilab turishi mumkin, ya’ni yangi monumental daraxtlarni qo‘shish va ularning fotosuratlarini yuklash imkoni mavjud.

3. Global qamrov — Dunyodagi ko‘plab mamlakatlardagi daraxtlar haqida ma’lumot berilgan.

4. Daraxtlarning muhofazasi — Platforma daraxtlarni saqlab qolish va ularni himoya qilish zarurligi haqida xabardorlikni oshiradi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda ushbu ro‘yxatga 62 865 tadan ortiq daraxt kiritilgan bo‘lib, ularning 159 681 ta fotosuratlari yuklangan.

O‘zbekiston hududidagi daraxtlar

O‘zbekiston hududida ham noyob va tarixi uzoq asrlarga borib taqaladigan daraxtlarga boy ekanligi sir emas. Ayni vaqtga qadar bir qator milliy tabiiy meros obyektlari MonumentalTrees.com da o‘z ifodasini topdi. Jizzax viloyati Forish tumanidagi sharq biotasi (yoshi salkam 1 500 yil) daraxti, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi chinor daraxti (yoshi 1 160 yildan ko‘proq), Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi archa daraxti (yoshi 1 000 yildan ko‘proq), yongʻoq daraxti (yoshi 800 yildan ko‘proq) va chinor daraxti (yoshi salkam 600 yil), shuningdek, Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sayrob qishlogʻidagi chinor daraxti (yoshi salkam 900 yil), Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi Dorus-Saodat memorial majmuasi hududidagi chinor daraxti (yoshi 750 yildan ko‘proq) hamda Jizzax viloyatida Zomin milliy tabiat bogʻi hududidagi boboyongʻoq daraxti (yoshi salkam 700 yil) shular jumlasidandir.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi

Ta’kidlash joizki, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari safida mazkur xalqaro ro‘yxatda o‘z tabiiy meros obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan birinchi va MDH respublikalari orasida uchinchi davlatdir (Rossiya va Ozarbayjondan so‘ng).