Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +18° kechasi +9°

Qashqadaryoda bojxona xodimlari tadbirkordan 69,5 million talab qildi

Tadbirkor neft mahsulotlari importi bilan shugʻullangan.

1 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda bojxona xodimlari tadbirkordan 69,5 million talab qildi

Biznes-ombudsman devoniga Qarshi shahrida roʻyxatdan oʻtgan “Sardor” (nomi oʻzgartirilgan) xususiy korxonasi oʻziga nisbatan bojxona organi tomonidan salkam 70 million soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlash talab qilayotgani, buning ustiga jarima ham undirilishi belgilanganidan norozi boʻlib murojaat qilgan. 

Bojxona toʻlovi toʻlash haqida talabnoma

Aniqlanishicha, tadbirkor 2022-yilda neft mahsulotlari importi bilan shugʻullangan va Oʻzbekistonga tovar yetib kelgandan soʻng bojxona toʻlovlarini toʻlab, tovarni ichki bozorda realizatsiya qilgan. 

Oradan bir yil oʻtgandan soʻng tadbirkordan 69,5 million soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlash haqida talabnoma yuboriladi.

Qo‘shimcha ayblov ham qo‘yilgan

Bundan tashqari, tadbirkor bojxona organiga toʻlov miqdorini kamaytirish uchun asos boʻladigan notoʻgʻri ma'lumot taqdim qilganlikda ayblanib, ish Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi shahar sudiga oshiriladi va sud tomonidan ish bir tomonlama koʻrib chiqilib, tadbirkorga MJtKning 227-25-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida jarima qoʻllanadi. Bu qarorni Qashqadaryo viloyat sudi ham oʻzgarishsiz qoldiradi. 

Tadbirkor qo‘shimcha bojxona to‘lovi to‘lamaydi

Biroq Biznes-ombudsman devoni xodimlari koʻmagida kiritilgan shikoyat 2024-yil 7-mayda Oliy sud tomonidan koʻrib chiqilib, jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi quyi sud qarorlari bekor qilindi. Tadbirkor manfaati iqtisodiy sudlarda ham himoya qilinib, 69,5 million soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlanmaydigan boʻldi.