Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

Ona faryodi: “Bolam nafas ololmay yotibdi, ular menga pul taklif qilishyapti”

Namanganda maktab bitiruvchisi chalajon bo'lguncha kaltaklangan. Ma'sudbekni "tomdan tushib ketdi" deya shifoxonaga olib borishgan. Zo'ravonlar esa ozodlikda yuribdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Ona faryodi: “Bolam nafas ololmay yotibdi, ular menga pul taklif qilishyapti”

Hodisa bo‘yicha Namangan viloyati Pop tumani Chorkesar qishlog‘idan qurbonning onasi Vazira Nishonova murojaat qilgan. Jurnalist Aziza Qurbonova bu haqida o‘zining telegram kanalida xabar qilarkan, “vaziyatni menga qanday yetkazishgan bo‘lsa, shuni yozdim. Huquq-tartibot organlaridan vaziyat to‘liq va adolatli tekshirilishini so‘rab qolaman. Nafaqat Pop tumanining tegishli idoralari, balki markaziy idoralar darajasida nazorat o‘rnatilishi shart” — deydi.  

Aybdor shaxslar hamon ozodlikda 

V.Nishonova xabar berishicha, ikki kun oldin o‘g‘li Tursunqulov Ma’sudbekni chalajon holda "tomdan tushib ketgan" degan gap bilan shifoxonaga olib kelishgan. "Miya chanoq singan, ikki tomonlama qon quyilish" deb tashxis qo‘yishgan, bola zudlik bilan operatsiya qilingan. Bolaning shu holatga kelishiga sababchi bo‘lgan fuqarolar - yoshlar tergovga tortilmay, erkin yurishibdi. 

“Ishni bosdi-bosdi qilmoqchi bo‘lishyapti”

Janjal o‘tgan yili 3-maktabni bitirgan bolalar bilan bu yil 12-maktabni bitirgan bolalar o‘rtasidan chiqqan. Besh kishi Ma’sudbekni o‘lasi qilib urgan, bilyard tayoqchasi, koka-kola shishasi bilan boshini yorishgan, orqa tomondan sakrab, miyasining suyuqligi chiqquncha kaltaklashgan. Vazira opa tegishli idoralarga telefon qilgan, militsiya ish ochgan. Lekin bugunga kelib, bolani urishda qatnashgan 5 kishilik guruh (Bilol Y, Mehriddin X, Baxtiyor N, Jamolbek H, Behzod A.)ning faqat bittasiga ayb yuklanib, qolganlari chiqib ketgan. Aytishlaricha, o‘sha gumonlanayotgan bola — oddiy oilaning bolasi bo‘lgani uchungina tergov izolyatorida qolgan. Qolganlar va janjalda asosiy figurant deb aytilayotgan Bilolning ota-onasi esa onaizorga ishni bosdi-bosdi qilish uchun pul taklif qilishgan. "Qo‘lingdan nima kelsa qil" deb Ma’sudbekning qarindoshlari bilan janjallashgan. 

Adolat qaror topadimi?

“Vazira opa aslida yigitchaning ikkinchi onasi. Ma’sudbekning tug‘gan onasi 2 yoshida saratondan vafot etgan. Yigitcha ayni vaqtda ikki dunyo o‘rtasida turibdi... Buning ustiga, farzandining ahvolini ko‘rib, otasi infarkt bo‘lgan, u ham o‘z hushida emas, bitta reanimatsiyada ota va bola yotishibdi” — deb yozadi qonun yo‘li bilan ish to‘g‘ri o‘rganilishini, har bir aybdor jazolanishini so‘ragan Aziza Qurbonova.