Panjara ortidagilar uchun imkoniyatlar yaratilishi mumkin
Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga saylovda ishtirok etish va pensiya tayinlashda yengilliklar berilishi kutilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga saylovda ishtirok etish va pensiya tayinlashda yengilliklar berilishi kutilmoqda.
Xalq muhokamasi
Ichki ishlar vazirining "O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi buyrug‘ining loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yildi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (regulation.gov.uz) e’lon qilingan loyihada mahbuslar uchun bir qator imkoniyatlar berish ko‘zda tutilgan.
Saylovlar va referendumda ishtirok
Qayd etilishicha, ushbu buyruq amalga tatbiq etilsa, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar, (agar qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida bu huquqdan mahrum etilmagan bo‘lsa) Prezident, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Bundan tashqari, loyihada manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiya tayinlashni so‘rab ariza bilan manzil-koloniya joylashgan yerdagi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining bevosita tuman (shahar) bo‘limiga yoki so‘rovnoma to‘ldirgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etishlari nazarda tutilgan. Ma’lumot uchun, buyruq loyihasi yuzasidan muhokamalar 29-maygacha davom etishi ma’lum qilingan.



