Afg‘onistondan O‘zbekistonga 1 mln tonnadan ortiq ko‘mir import qilinadi
Afg‘oniston TIVning xabar berishicha, Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya 12-may kuni Afg‘onistonga tashrif buyurib, tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mottakiy bilan muzokaralar o‘tkazgan.
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston TIVning xabar berishicha, Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya 12-may kuni Afg‘onistonga tashrif buyurib, tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mottakiy bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Afg‘oniston mintaqadagi tranzit xabga aylantiriladi
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Transport vazirligi rahbari bu safar unga “xususiy sektor, temiryo‘l, geologiya va tog‘-kon sanoatidan kuchli texnik guruh hamrohlik qilayotganini aytgan. Ilhom Mahkamov Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati “Afg‘onistonga jiddiy e’tibor qaratishini va Afg‘onistonni mintaqadagi tranzit xabga aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini” qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi afg‘on temiryo‘li qurilishi uchun uskunalar olib boradi
“Transport vaziri “O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston” temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini amaliy ishlab chiqish uchun muhandislar jamoasi bilan keldi. Bir necha haftadan so‘ng yana bir O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga afg‘on temiryo‘li qurilishi uchun uskunalar olib kelishi kutilmoqda” – deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekistonning geologiya va tog‘-kon texnik guruhi Afg‘oniston Kon va neft vazirligining neft va gazni qidirish va qazib olish bo‘yicha mas’ul xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Kechayu-kunduz bojxona va chegara xizmatlarini ko‘rsatishga tayyor
Ilhom Mahkamov, ta’kidlanishicha, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida kechayu-kunduz bojxona va chegara xizmatlarini ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan, shuningdek, transport va tranzit tariflari pasaytirilganini eslatgan.
Amir Xon Mottakiy afg‘on tadbirkorlari va haydovchilari uchun viza berishni soddalashtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar “oldinga qo‘yilgan yaxshi qadam” ekanini ta’kidlab, afg‘onlar uchun ta’lim, tibbiyot va sayyohlik maqsadlarida vizalar berishni kengaytirish zarurligini qo‘shimcha qilgan.
1 million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olish uchun texnik guruh
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev O‘zbekistonda afg‘onistonlik biznesmenlar va haydovchilar uchun uzoq muddatli vizalar, shuningdek, ta’lim, tibbiyot va turizm uchun vizalar berish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, u yaqin orada Kobulga 1 million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olish uchun texnik guruh kelishini ta’kidlagan. Shuningdek, Mozori Sharifdagi Imom al-Buxoriy madrasasi qurilishini boshlash uchun muhandislar kelishi rejalashtirilgan.
Turli sohalarda hamkorlik
Prezidentning maxsus vakili O‘zbekiston Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi bilan tarixiy maskanlar va ziyoratgohlarni qurish va rekonstruksiya qilishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Delegatsiya Afg‘oniston bosh vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mavlaviy Abdul Kabir va ushbu mamlakatning boshqa rasmiy vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan.
2025-yilda ko‘mir qazib olish 10 million tonnaga yetadi
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda joriy yilda ko‘mir qazib olishni 8 million tonnaga (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 6,5 million tonna edi), 2025-yili esa 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Rejalar 13-may kuni prezidentga taqdim qilingan. U sohaga xalqaro standartlarni joriy etish, ko‘mir sifatini oshirish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.



