$
 12965.34
-14.82
 14525.07
-81.5
 161.34
-0.29
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Tadqiqot: Elektron sigaret oddiy sigaretga nisbatan ko‘proq qaramlik keltirib chiqaradi

elektron sigaret

Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi haqidagi haqiqatlar turmush tarzimizda qayta-qayta takrorlanishiga qaramasdan, hozirgi kunda butun dunyoda tamaki iste’mol qiluvchilar soni tobora ortib bormoqda.

Sigaret chekish kamida 25 ta kasallik turi bilan bog‘liq

Mutaxassislarning qayd etishicha, sigareta tarkibiga kiruvchi kimyoviy moddalar istisnosiz barcha organlarga zarar yetkazadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, sigaret chekish kamida 25 ta kasallik turi bilan bog‘liq. Sigaret dunyodagi o‘limning asosiy sababi hisoblanadi.

Elektron sigaretlarga qaramlik davlatlar kesimida qanday farq qiladi?

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida sigaretalar sotish hajmi qisqarayotgani sababli, tamaki sanoati elektron sigareta, qizdiriladigan tamaki tizimi kabi mahsulotlarni sotish va ilgari surish harakatiga tushgan. Asosiy maqsad esa yosh avlodni nikotinga o‘rgatish va unga qaram qilish.

JSSTda elektron sigaretlarni chekish bo‘yicha yetarli ma’lumotlar yo‘q. Katta yoshdagi aholi orasida elektron sigaretlarni chekish darajasi o‘rganilgan 50 ta mamlakat orasida ancha farq mavjudligi aniqlangan. Bu ko‘rsatkich Estoniyada 11 foizni tashkil qilsa, Urugvayda 0,2 foizdan iborat. Tadqiqot o‘tkazilgan 60 ta mamlakatning bolalar va o‘smirlari orasida elektron sigaretalarni chekish 8,8 foizni tashkil qilishi ma’lum bo‘lgan. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, aholining 18-24 yoshdagi qatlami orasida elektron sigaretalardan ko‘proq foydalaniladi.

AQShda o‘smirlar orasida elektron sigaretlardan foydalanish ko‘lami ortgan

Elektron sigaretlar chekish ko‘rsatkichlari aholi orasida qisqa davrlar ichida tez o‘zgarmoqda. AQShda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yuqori sinf o‘quvchilari orasida elektron sigaretalardan foydalanish o‘tgan yillarga nisbatan 19,6 foizga oshgan. Aromatik elektron sigaretalarni iste’mol qiluvchilar ulushi esa 65, 1 foizdan 84,7 foizga yetgan. Bolalar va o‘smirlar orasida elektron sigaretalardan foydalanish ko‘lami shunga olib kelganki, AQShning Bosh jarrohi bu muammoni 2019-yildagi epidemiya deb e’lon qilgan. Angliyada qonun bilan taqiqlangan bo‘lsa-da, 18 yoshga yetmagan har beshinchi bola yoki o‘smir elektron sigareta chekib ko‘rgan.

Kimlarni kashanda deb atash mumkin?

Aslida bir kun davomida bir donadan sigareta chekayotgan shaxslar chekuvchi hisoblanadi. Tahlillarga ko‘ra, tamaki chekish oqibatida dunyoda har yili o‘rtacha 8 million kishi hayotdan ko‘z yumadi. Chekish inson umrini taxminan 10 yilga qisqartirishi ham olimlar tomonidan isbotlangan fakt. Bu dahshatli statistika har bir chekuvchi insonni bu zararli odatdan voz kechishga undashi kerak.

Xo‘sh, O‘zbekistonda bu borada vaziyat qanday?

Mamlakat aholisining (18-69 yoshdagi) 16,5 foizi – erkaklarning 32,9 foizi, ayollarning 0,8 foizi tamaki chekadi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov. – Afsuski, ayollarning aksariyati tamaki mahsuloti iste’mol qilishini tan olmaydi.

Elektron sigaretlarni chekuvchi yoshlarning ko‘pchiligi oddiy sigareta chekmaydi, an’anaviy sigaretdan ko‘ra elektronlar ko‘proq nikotinga qaramlikni rivojlantiradi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash mumkinki, elektron sigaretlar oddiy sigaretlarni chekishga “yo‘l ochib beruvchi” sifatida ko‘riladi.

Aynan noto‘g‘ri targ‘ibotlar va rang-barang reklamalar sababli O‘zbekiston aholisi orasida tutunli va tutunsiz tamaki chekish urfga kirgan. Xususan, aholining 9,4 foizi (har 11 nafardan 1 nafari) tutunli tamaki chekadi. Ularning 0,5 foizi ayollardir. Tutunli tamaki chekuvchilar orasida sigareta asosiy o‘rinni egallaydi, ya’ni 86 foiz chekuvchilar shu variantni tanlaydi. Chekuvchilarning 5,3 foizi chilim, 2,4 foizi tamaki qizdirish tizimidan foydalanadi. Aholining 9,9 foizi tutunsiz tamaki chekadi. Tutunsiz tamaki chekuvchilarning 89 foizi nosvoy chekadi.

O‘smirlarda tamakiga qaramlik statistikasi

13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi tamaki chekishi aniqlangan. Ularning 9 foizi qiz bolalardir. O‘smirlarning 7,7 foizi hayotida bir marta bo‘lsa ham chekib ko‘rgan. O‘zbekistonda 18-69 yoshdagi erkaklar orasida elektron sigaretalardan foydalanish 0,4 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 18-29 yoshdagi erkaklar orasida ikki marta ko‘p bo‘lgan. Agar mamlakatimizda ham chekishga qarshi zarur choralar ko‘rilmasa, elektron sigaretalar chekuvchi yoshlar hayoti davomida uch marta ko‘p oddiy sigareta chekishga o‘tadi.

O‘quvchilarning yonidan topilgan tamaki mahsulotlarining aksariyati nikotinli snyuslar, elektron, oddiy sigaretalar, nosvoy hamda tamakini qizdirish tizimidan iborat.

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda erkaklar orasida tutunli tamaki chekish darajasi biroz pasaygandek. Ammo yoshlar orasida “zamonaviy” tamaki va nikotin mahsulotlarini chekish sur’ati jiddiy ravishda o‘sib bormoqda. Bunday vaziyat kelgusida katta yoshdagi aholi o‘rtasida tamaki chekish darajasi o‘sishiga olib kelishi mumkin.