$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlanmoqda

elektron tamaki

“Ayrim qonun hujjatlariga tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining muomalasini taqiqlash va javobgarlik belgilash bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Uch barobar ko‘p o‘quvchilar

Tahlillarga ko‘ra, elektron sigaretalarni chekuvchi o‘smirlar va yoshlar salmog‘i katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar ko‘p. Hujjatda aytilishicha, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari orasida elektron sigaretalarga qiziqish tez sur’atlarda ortmoqda, xususan, 26,6 ming o‘g‘il bolalar va 8,6 ming qiz bolalar chekishga moyil.

O‘quvchilar orasida elektron sigaretalar

Shuningdek, “Kun.uz” manbasiga ko‘ra, maktab va jamoat joylarida o‘tkazilgan reydlarda o‘quvchilardan olingan elektron sigaretalar soni yildan yilga tobora oshib bormoqda. 2019-yilda 6 ta holat, 2020-yilda — 27 ta, 2021-yilda — 31 ta, 2022-yilda — 856 ta, 2023-yilda — 1040 ta aniqlangan.

Tamakini qizdirish tizimi esa...

Bundan tashqari, 18—29 yoshdagi aholi orasida tamakini qizdirish tizimidan foydalanish darajasi (252 ming nafar) 30—69 yoshdagi aholiga (94,2 ming nafar) nisbatan 2,5 baravardan ko‘p. Agar zarur choralar ko‘rilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi (20 foiz) nikotinga qaramlikdan aziyat chekishi mumkin.

Shu munosabat bilan:

- birinchidan, O‘zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasini taqiqlash;

- ikkinchidan, ushbu mahsulotlar muomalasini taqiqlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanishi mumkin.

Taqiqlash masalasi

Qonun bilan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunga tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarini mamlakatga olib kirish, O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilish hamda O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish, realizatsiya qilishni taqiqlashga taalluqli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ma’muriy va hatto, jinoiy javobgarlik

Muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, shuningdek O‘zbekiston hududiga olib kirish va O‘zbekiston hududidan olib chiqish, respublika hududi orqali tranzit qilish, shunday harakatlarni sodir etgan aybdor shaxslarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi normalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.