“Chiqindi”dan qarzi borlarga elektr energiyasi to‘lovlaridagi cheklovlar haqida xabar berila boshlandi
Ma’lum qilinishicha, bildirishnomalar yuborilayotgan bo‘lsa-da to‘lov imkoniyati cheklanmagan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda aholi chiqindi pulini to‘lamagani uchun elektr energiyasini o‘chirib qo‘yishni boshladi”, mazmunidagi xabarlar tarqaldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” АJ mazkur xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish haqidagi Prezident Farmoni
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish amaliyoti ham belgilangan.
Shuningdek, mazkur farmon asosida iste’molchining chiqindi bo‘yicha qarzdorlik bo‘yicha ogohlantirilgandan keyin to‘lov qilmagan shaxslarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etilishi belgilangan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ning murojaati
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyidan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari” АJning 2100 qisqa raqami orqali mazkur ogohlantirish xabarlarini yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
“Аyni paytda “Hududiy elektr tarmoqlari” АJ tomonidan chiqindi bo‘yicha ogohlantirish xabari yuborilgandan so‘ng, qarzdorlikni bartaraf etmagan iste’molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritish bo‘yicha ham texnik ishlar olib borilayotganligini ma’lum qilamiz.
Shu o‘rinda chiqindi qarzdorligi uchun yuborilgan xabarnomalar bo‘yicha iste’molchilardan kelib chiqayotgan shikoyatlar bo‘yicha chiqindi yig‘ish va tashish xizmatlariga murojaat qilishlarini so‘raymiz. “Hududiy elektr tarmoqlari” АJ bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida xabar yuborayotganligini ma’lum qiladi", - deyiladi xabarda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar
Aniqlanishicha, kompaniya xabarnomalar jo‘natmoqda, biroq elektr energiyasi uchun to‘lov imkoniyatini cheklamagan. Sababi, bunda elektr energiyasi hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.
2020-yil dekabr oyida debitorlik qarzini kamaytirish maqsadida Toshkent shahrida chiqindi yig‘ish to‘lovlari iste’molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi tarifiga kiritilishi mumkinligi xabar qilingandi. Biroq, bu tartib amalga oshirilmadi.
Yanvar oyi boshida Toshkent shahridagi aholi va tashkilotlar uchun chiqindi to‘plash va olib chiqib ketish xizmati narxi 1,5−1,6 baravarga oshdi — uyda yashovchi har bir kishi uchun oyiga 4500 so‘mdan 7500 so‘mga, budjet va xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar uchun 53 986 so‘mdan 89 966 so‘mgacha.



