Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 73 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +12° kechasi +8°

Oʻzbekistondagi bolalar orasida ruhiy kasalliklar avj olmoqda

Mamlakatda soʻnggi 7 yilda bolalarni koʻkrak suti bilan oziqlantirish darajasi ham 25 foizga pasaydi. Bundan tashqari, tibbiy yordamdan foydalanishda, ayniqsa, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan zaif guruhlar orasida sezilarli tengsizlik mavjud.

3 daqiqa o‘qiladi

Oʻzbekistondagi bolalar orasida ruhiy kasalliklar avj olmoqda

UNICEF va bolalar ombudsmani O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar holati bo‘yicha yangi tahlil natijalarini taqdim etdi. Hisobot “Salomatlik va ovqatlanish”, “Ta’lim, dam olish va madaniyat”, “Oilaviy muhit hamda zo‘ravonlik va zararli amaliyotlardan himoya qilish”, “Ishtirok va fuqarolik huquqlari”, “Kambag‘allik va munosib turmush darajasi”, shuningdek, “Sektorlararo masalalar” kabi bo‘limlarga bo‘lingan. 

Oʻzbekistonda bolalar salomatligi qanday saqlanmoqda?

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan umumiy qamrov indeksi (JSSTga ko‘ra) 2000-yildan buyon 20 punktga oshib, 2021-yilda 75 ballga yetdi (dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich — 68 ball). Bu bolalar va onalar uchun birlamchi tibbiy yordamning qulayligi va sifati yaxshilanayotganidan darak beradi. 

2021-yilda davlat tibbiy sug‘urtasi dasturi ishga tushirildi (to‘liq joriy etilishi 2024-yildan boshlandi). Undan ko‘zlangan maqsad — kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligini 2023-yildagi 74 yoshdan 2030-yilga kelib 78 yoshgacha oshirish.  

2022-yilda mamlakatda 46 ta tumanlararo perinatal markaz ochildi. Bu onalar va chaqaloqlar parvarishini yaxshilash, shuningdek, tug‘ruqdagi asoratlar bilan bog‘liq muammolarni hal etishga yordam berdi. Tug‘ruqdan oldingi davrda parvarish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 98 foizga yetdi. 

9000 ga yaqin bola zarur emlashni olmagan

Odam papillomasi virusiga (OPV) qarshi emlash Milliy immunizatsiya dasturiga kiritildi. 2019-yilda birinchi doza bilan 12−14 yoshli qizlarning 94 foizini qamrab olishga erishildi. Muvaffaqiyatli emlash kampaniyasi 2021 va 2022-yillarda bolalar orasida qizamiq tarqalishini ham to‘xtatdi. 

Ayni paytda, mamlakatda emlash darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, 9000 ga yaqin bola zarur emlashni olmagan.

To‘yib ovqatlanmaslik darajasi pasaydi 

To‘yib ovqatlanmaslik darajasining pasayishi yana bir muhim yutuq bo‘ldi. 2023-yilda butun mamlakat bo‘ylab boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash uchun byudjetdan 2,3 trln. so‘m ajratildi. 

5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘sishning kechikishi 2012-yildagi 13,2 foizdan 2022-yilda 6,9 foizgacha kamaydi. Bolalar orasida ozg‘inlikning tarqalganlik darajasi atigi 2,4 foizni tashkil etmoqda. 

Tibbiy yordam bilan foydalanishda tengsizlik mavjud 

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash tizimi bir qator muammolarga duch kelishda davom etyapti. Moliyalashtirishning yetishmasligi jiddiy muammoligicha qolmoqda — sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishni 2030-yilga qadar ikki baravar oshirish rejalariga qaramay, sog‘liqni saqlashga yo‘naltiriladigan mablag‘larning davlat budjetidagi ulushi 2020-yildagi 13,5 foizdan 2024-yilda 10,7 foizgacha qisqardi. Tibbiy xizmatlar xarajatlarining 60 foizdan ortig‘i aholining shaxsiy mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda. 

Bundan tashqari, tibbiy yordamdan foydalanishda, ayniqsa, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan zaif guruhlar orasida sezilarli tengsizlik mavjud. 

7 yilda koʻkrak suti bilan oziqlantirish darajasi 25 foizga pasaydi

Neonatal o‘lim darajasi haligacha xavotirli: 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘lim holatlarining 57 foizi hayotning dastlabki 28 kuniga to‘g‘ri keladi, bu esa tibbiy aralashuvni yaxshilash zarurligini ko‘rsatadi.

Ko‘krak suti bilan oziqlantirishning afzalliklari haqida xabardorlikni oshirish kampaniyalariga qaramay, faqat ko‘krak suti bilan oziqlantirish ko‘rsatkichi 2017-yildan beri 25 foizga pasaydi.

Ruhiy kasalliklarning yangi holatlari avj olmoqda

Ruhiy salomatlik sohasidagi muammolar tashvish uyg‘otmoqda. Bolalar orasida (100 ming kishiga nisbatan) ruhiy kasalliklarning yangi holatlarining avj olishi kuzatilmoqda. Ruhiy kasalliklarga chalingan bolalarning umumiy soni 2019-yildagi 79 mingdan 2022-yilda 81 ming nafarga yetdi.