Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +10°

O‘zbekistonliklar yana Abu-Dabiga kiritilmadi

Bu birinchisi emas – o‘tgan yil dekabr oyida ham Wizz Air reysi bilan uchgan o‘zbekistonliklar xuddi shunday holatga tushgandi. Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, Zayd xalqaro aeroportiga qo‘ngach, Federal immigratsiya xizmati vakillari faqat o‘zbekistonlik erkaklarning (oilasiz kelgan yo‘lovchilarni) pasportlarini yig‘ib olgan.

3 daqiqa o‘qiladi

Abu-Dabiga kiritilmagan o'zbeklar.

16-fevral kuni Wizz Air aviakompaniyasi reysi bilan Abu-Dabiga uchgan bir nechta o‘zbekistonlik yo‘lovchilar BAAga kiritilmadi. Bu haqda Repost.uz xabar bermoqda.

Pasportlar olib qo‘yilgan

Yo‘lovchilardan birining xabar berishicha, u va hamkasblari tadbirkorlik maqsadida Dubayga borayotganini, mehmonxona bron qilinganini, hatto ortga qaytish chiptalari ham tayyor ekanini ta’kidlagan. Ammo aeroportda ular kutilmagan muammoga duch kelishgan.

Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, Zayd xalqaro aeroportiga qo‘nganidan so‘ng Federal immigratsiya xizmati xodimlari faqat o‘zbekistonlik erkaklarni (oilasiz kelgan yo‘lovchilarni) ajratib olib, ularning pasportlarini yig‘ib olgan.

“Biz bilan uchgan yo‘lovchilar orasida keyingi reysiga atigi bir necha soat vaqt qolganlar ham bor edi. Lekin bizni uzoq ushlab turishdi. Keyin navbatma-navbat chaqirib, telefon raqamlarimizni yozib olishdi va tashrif maqsadimiz haqida so‘rashdi. Ammo bu shunchaki rasmiy jarayon edi. Ko‘pchiligimiz baribir chegaradan o‘tolmadik,” – deydi jabrlanganlardan biri.

Bu tasodifmi?

Yo‘lovchilar orasida IDEX-2025 xalqaro mudofaa ko‘rgazmasida O‘zbekiston nomidan qatnashayotgan tadbirkor ham bor edi. Uning hamkasblari bemalol mamlakatga kirgan bo‘lsa-da, u chegarada to‘xtatilgan va ortga qaytarilgan.

Shuningdek, ilgari hech qanday muammosiz BAAga kelib-ketgan o‘zbekistonliklardan biri ham kiritilmagan. Hech qanday “deportga tushish”, hech qanday rasmiy qaror yo‘q – shunchaki aeroport xodimlari ularning pasportlarini olib qo‘ygan va BAAga kiritmay, ortga qaytarishgan.

“Jinoyatchilar kabi muomala qilishdi”

Yo‘lovchilar so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari tezroq Wizz Air orqali ortga qaytish uchun chipta sotib olishni buyurgan, ularga maxsus kutish xonasiga o‘tishga ruxsat berilgan.

17-fevral kuni tongda jabrlanganlar O‘zbekistonning BAAdagi konsulligi bilan bog‘langan, ammo konsullik ularga yordam bera olmasligini ma’lum qilgan.

“Biz o‘z hisobimizdan qaytish chiptalarini sotib oldik. Shunga qaramay, samolyotda bizni oldindan tanlab qo‘yilgan eng oxirgi o‘rinlarga joylashtirishdi – go‘yo biz jinoyat qilgandek,” – deya shikoyat qiladi ulardan biri. Muammo bu bilan tugamagan. Toshkentga yetib kelgach, ular bagajlari kelmaganini bilib qolishdi. Abu-Dabi aeroportida ular bu masalani hal qilishga va’da berishgan bo‘lsa-da, yo‘lovchilarning yuklari faqat ikki kun o‘tib yetib keldi.

Bu birinchisi emas

Bu ilk holat emas. O‘tgan yil dekabr oyida ham 30 nafardan ortiq o‘zbekistonlik Abu-Dabi aeroportida to‘xtatilib, ularning pasportlari bir sutkadan ortiq vaqt davomida qaytarilmagan edi.

O‘shanda ham hech qanday sabab ko‘rsatilmagan. 

Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatlar aynan Wizz Air reyslarida muntazam sodir bo‘lmoqda. Ayrim taxminlarga ko‘ra, bu cheklovlar Isroil rabbiysi Zvi Koganning o‘zbekistonliklar tomonidan o‘ldirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning jasadi 24-noyabr kuni Abu-Dabidan 150 km uzoqlikda topilgan edi. Jinoyatda gumon qilingan uch nafar o‘zbekistonlik Turkiyaga qochmoqchi bo‘lganda qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa BAA rasmiylari tomonidan o‘zbekistonliklarga joriy qilingan bu cheklovlarning aniq sabablari haqida izoh bermagan.