“Erta aniqla – hayotni saqla”: O‘zbekistonda ko‘krak bezi saratoniga qarshi oylik boshlandi
Oktyabr oyida butun dunyoda o‘tkaziladigan ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash tadbirlari bu yil O‘zbekistonda “Erta aniqla – hayotni saqla” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Oktyabr oyida butun dunyoda o‘tkaziladigan ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurash tadbirlari bu yil O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Strategik islohotlar agentligi hamkorligida “Erta aniqla – hayotni saqla” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Asosiy tadbirlar
13–15 oktyabr kunlari Respublika ona va bola markazida barcha ayollar uchun bepul ko‘riklar tashkil etiladi. 26-oktyabrda esa Toshkentdagi Bona Factum galereyasida ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan ayollar hayotiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma o‘tkaziladi.
Shuningdek, mamlakatdagi o‘nlab oliy ta’lim muassasalarida “Cancer Walk” yurishlari va yoshlar uchun maxsus axborot sessiyalari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Davlat dasturi
Mazkur tashabbus 2024-yilda qabul qilingan davlat dasturi asosida olib borilmoqda. Dasturning maqsadi — ayollar orasida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash, davolash tizimini takomillashtirish, skrining jarayonlarini samarali tashkil etish hamda aholi xabardorligini oshirishdir.
Tashabbus hamkorlari
Ushbu tashabbus Yandex kompaniyasi hamkorligi va UNFPA hamkorligida amalga oshirilmoqda. Tarqatilayotgan targ‘ibot materiallari yirik savdo tarmoqlari, dorixonalar va umumiy ovqatlanish maskanlari orqali keng jamoatchilikka yetkazilmoqda. Korzinka, Safia, Bon va Kimmy Lab kabi tarmoqlar birinchilar qatorida ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, barcha filiallarida axborot materiallarini joylashtirishga kirishdi.
Raqamli yechimlar
Loyiha raqamli yechimlarni ham qamrab oladi: maxsus onkogolik portal ishga tushiriladi, shuningdek, ayollarga skrining va diagnostika jarayonlarida ko‘mak beruvchi sun’iy intellekt asosida yaratilgan Telegram-bot ishlab chiqiladi.
Bemorlarni qo‘llab-quvvatlash
Bemorlarni qo‘llab-quvvatlash ham kampaniyaning muhim yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbek va rus tillarida onkopsixologik guruh mashg‘ulotlari tashkil etiladi, “Preobrajeniye” loyihasi orqali kasallikka chalingan ayollarga bepul soch turmaklari, make-up va yangi imidj taklif etiladi. Shu bilan birga, ularning hayotiy tajribasi asosida podkastlar ham tayyorlanadi.
Mutaxassislar uchun imkoniyatlar
Mutaxassislar uchun esa AQShdagi yetakchi shifoxonalarda stajirovkalar yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish imkonini beradi.
Ayollarning faol ishtiroki
Kampaniyaning o‘ziga xos jihati shundaki, tashabbusni tashkil etishda saratonni yenggan ayollar faol ishtirok etmoqda. Ularning shaxsiy hikoyalari va ochiqligi loyihaga alohida kuch bag‘ishlamoqda.
Batafsil ma’lumotlar va yangiliklarni maxsus kanal orqali kuzatish mumkin: t.me/erta_aniqla.



