$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Byudjetdan ajratilgan 208 milliard so‘m mablag‘ talon - toroj qilingani aniqlandi — Bosh prokuratura

korrupsiya

Prokuratura organlari tomonidan qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov batafsil ma’lumot berdi.

Qoʻshib yozilgan ish oʻrinlari

Xususan, aholi bandligini ta’minlash doirasidagi nazorat tadbirlari  davomida 489 nafar fuqaroga kechiktirilgan 3,8 milliard so‘m ish haqi undirib berildi. 78 holatda 11,2 milliard so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar talon - toroj qilingani aniqlanib, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi  hal qilindi. 

Hisobotlarda 862 ming 350 yangi ish o‘rni qo‘shib yozilgani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. 4,7 milliard so‘mlik zarar ixtiyoriy undirildi. Fuqarolar manfaatini ko‘zlab sudlarga 31,2 milliard so‘mlik 2 ming 185 da’vo arizasi kiritildi.  

Yerlarni noqonuniy egallash 

Ekologik muhitni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar o‘zboshimchalik bilan egallab olinishining oldini olishga alohida e’tibor qaratildi. O‘rganishlar davomida 116 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 15 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 30 ming 239 gektar noqonuniy egallangan yerlar o‘rmon fondi hisobiga qaytarildi.  

8 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyati qayta tiklandi

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab - quvvatlashga doir vazifalar ijrosi ham doimiy e’tiborda. Xususan, tadbirkorlar, shu jumladan, xorijiy investorlarning 29 ming 451 nafariga “Tez yordam” tamoyili asosida amaliy yordam ko‘rsatildi. 

Natijada faoliyat ko‘rsatmayotgan 8 ming 53 tadbirkorlik subyektining faoliyati qayta tiklanishi hisobiga 10,4 mingdan ortiq ish o‘rni yo‘qotilishining oldi olindi. 7 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 21 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi. 22 ming 333 holatda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘sqinliklar aniqlanib, bartaraf etildi hamda 15 ming 907 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.

Qurilishdagi sifatsiz ishlar

Sohada o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida qurilish - ta’mirlash ishlarining sifatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, obyektlarni o‘rganishda 1 ming 593 holatda 63 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar bajarilgani va 389 holatda 83 milliard so‘mlik ishlar qo‘shib yozilgani aniqlandi. Ushbu holatlar to‘liq bartaraf etilib, qonun talablarini buzmaslik xususida 2 ming 47 nafar mansabdor shaxs rasman ogohlantirildi, 2 ming 442 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka  tortildi.  

208 milliard mablagʻ talon-taroj qilindi

Davlat dasturlari ijrosini ta’minlashda ajratilgan byudjet mablag‘larini talon - toroj qilish holatlari yuzasidan  qat’iy choralar ko‘rildi. Jumladan, byudjetdan ajratilgan 208 milliard so‘m mablag‘ talon - toroj qilingani va noto‘g‘ri sarflangani yuzasidan 386 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.  

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, tezkor - qidiruv  va  tergovni  muvofiqlashtirish  sohasida ko‘rilgan choralar natijasida mahallalarning 2 ming 894 tasida yoki 30,6 foizida jinoyat qayd etilmadi. 5 ming 212 tasi yoki 55 foizida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga  erishildi.

Теги :
Jamiyat