Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 66 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +18° kechasi +6°

Tadqiqot: Ish vaqtidan tashqari qo‘ng‘iroq va chatlar ruhiy salomatlikka xavf tug‘dirishi mumkin

Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi chegaralarning yo‘qolishi ertangi ish kuniga energiya va motivatsiya yetishmasligiga sabab bo‘ladi. Inson miyasini kompyuter quvvatiga qiyoslash mumkin: qancha ko‘p ilovalar ochiq bo‘lsa, quvvat shunchalik tez tugaydi. Xuddi shunday ish soatlaridan keyin xabarlarga javob berish miyani charchatadi va ertangi kun uchun zarur bo‘lgan energiyadan mahrum qiladi.

3 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: Ish vaqtidan tashqari qo‘ng‘iroq va chatlar ruhiy salomatlikka xavf tug‘dirishi mumkin

Olimlar yaqinda olib borgan tadqiqotlar shunga aniqlik kiritdiki, ishdan keyingi qo‘ng‘iroqlar va ishchi chatlardagi suhbatlar insonning ruhiy sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi va ishdan bo‘sh vaqtlarini nazorat qilish imkoniyatini kamaytiradi.

Ish hech qachon tugamaydi

Ish soatlaridan keyin ishga oid elektron xatlarni tekshirish va javob berish xodim uchun toliqish va ish joyidagi taranglikka sabab bo‘ladi. Smartfonlar va boshqa gadjetlar orqali ishning uyga kirib kelishi samaradorlikning g‘alabasi kabi tuyulishi mumkin. Biroq oxirgi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ish vaqti tugagandan keyin ham ishdan "uzilmaslik" xodimlar va ish beruvchilar uchun zararli.

Olimlar fikricha, xodim kechki ovqatdan keyin yoki nonushtadan oldin telefonda ishga oid masalalar bilan band bo‘lishi, masalan, ish haqida ish beruvchi bilan suhbatlashish, ishga oid proyektlar, e-maillarga javob berish va hokazolarga majbur bo‘lganida, ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi chegaralarning yo‘qolishi natijasida o‘z shaxsiy ishlariga e’tibor qarata olmay, bunday sharoitda doimiy psixik bosimga duch keladi.

Tadqiqot nima deydi?

Shunday qilib, olimlar AQShdagi 315 nafar to‘liq stavkada ishlaydigan xodimlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazishdi. Unga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari aynan ish bilan bog‘liq xabarlarni, qo‘ng‘iroqlar yoki elektron pochtani qabul qilish insonning vaqt o‘tishi bilan toliqishi, “byornaut”ga olib keladi.

Ishdan keyingi aloqalar faqatgina ishni o‘zida qoldirmay, balki shaxsiy hayotga ham singib ketadi. Natijada odam nafaqat ishda, balki uyda ham quvvatni tiklay olmaydi, bu holat ish unumdorligining pasayishiga, ish beruvchilarga nisbatan salbiy fikrlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Bu muammo nega muhim?

AQSh psixologlar assotsiatsiyasi tomonidan 2013-yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, amerikalik ishchilarning yarmidan ko‘pi dam olish kunlarida hech bo‘lmaganda bir marta ishga oid xabarlarni tekshirishini bildirgan. Texnologiya va internetning rivojini hisobga olsak, bu ko‘rsatkichlar so‘nggi yillarda faqat oshgan bo‘lsa kerak.

Tadqiqot natijalari zamonaviy ish muhitidagi bu o‘zgarishning oqibatlarini ko‘rsatadi. Uy va ish o‘rtasidagi chegaralar buzilganida, bu nafaqat xodimlarning ish va hayotdan qoniqishiga, balki tashkilotlarning faoliyatiga ham zarar yetkazadi. Shuning uchun ushbu tadqiqot xodimlarning shaxsiy vaqtini himoya qilish uchun aniq chegaralar o‘rnatish zaruriyatini ta’kidlaydigan muhim ogohlantirishdir.

Yetarlicha dam olmagan miya quvvat olmagan gadjetga teng

Kechki paytda keladigan xabarlar xodim boshqa ishlar bilan band bo‘lgan vaqtiga to‘g‘ri keladi: oila davrasida vaqt o‘tkazish, sevimli serialni tomosha qilish yoki dam olishga. Ammo ishga oid xabar notifikatsiyasini olgan zahoti bu dam olish rejimi buziladi va miya yana ishga qaytadi, natijada, ruhiy quvvatni kamayib ketadi.

Miyani telefon quvvatiga qiyoslash mumkin: qancha ko‘p ilovalar ochiq bo‘lsa, quvvat shunchalik tez tugaydi. Xuddi shuningdek, ish vaqtidan tashqari xabarlarga javob berish miyani charchatadi va ertangi kun uchun zarur bo‘lgan energiyadan mahrum qiladi.

Olimlar tavsiyasi

Olimlar, shuningdek, ishdan keyin, xususan, soat 18:00 dan keyin ish bilan bog‘liq bo‘lgan xabarlarga javob bermaslikni maslahat berishadi. Bunday yondashuv odamning ish va hayot muvozanatini saqlashida muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat charchoqning oldini oladi, balki shaxsning ruhiy va jismoniy sog‘ligini tiklash imkoniyatini ham yaratadi. Lekin ayrim ish joylarida rahbar va hamkasblar xodimlardan har doim aloqada bo‘lishni kutishadi. Bu esa xodimlarning ishsizlikka duchor bo‘lish xavfini oshiradi. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassislar ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi chegaralarni belgilash, ortiqcha stressdan qochish va sog‘lom ruhiy holatni saqlash uchun javob berishni cheklashni tavsiya qilishadi.