BRIKS o‘yinlari yakunlandi
Kecha VI BRIKS o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. O‘zbekistonliklar musobaqada qanday natija qayd etdi?
2 daqiqa o‘qiladi

13-24-iyun kunlari Qozon shahrida (Rossiya) VI xalqaro "Briks" sport o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda sportning 30 turidan musobaqalar tashkil etilib, ushbu kompleks musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 23 turidan jami 249 nafar sportchi bilan ishtirok etdi. 90 ta jamoa ishtirokida kechgan murosasiz bellashuvlarda O‘zbekiston delegatsiyasi 17 ta oltin, 39 ta kumush va 58 ta bronza, jami 114 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida Rossiya, Belarus va Xitoy jamoalaridan keyin to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
BRIKS o‘yinlari
BRIKS o‘yinlari — bu Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlaridan iborat bo‘lgan BRIKS ittifoqi doirasida o‘tkaziladigan sport musobaqalaridir. BRIKS ittifoqi 2009-yilda tashkil topgan bo‘lib, u iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. BRIKS o‘yinlari esa sport orqali ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
Sanksiya va tanlov
BRIKS o‘yinlari birinchi marta 2016-yilda Hindistonda o‘tkazilgan. Ushbu tadbir sport orqali BRIKS mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning turli sport turlari bo‘yicha terma jamoalari BRIKS o‘yinlaridagi ishtiroki sababli Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) tomonidan bosimga uchragani ma'lum qilingandi. Unga ko'ra, bir nechta sport turlari bo‘yicha milliy federatsiyalarimiz XOQdan BRIKS o‘yinlaridan avval, unda ishtirok etish oqibatlari to‘g‘risida sanksiyalar bilan tahdid qiluvchi xatlar oladi. Xat mazmuniga ko‘ra, sportchilarga "BRIKS yoki Olimpiada" o‘yinlarida ishtirok etish tanlovi qo‘yilgan.



